Adabiy asarlar
I. Adabiyot haqida ba'zi o'ylar (Farruh Ataev):
Har bir xalqning o'z manfaatlarini himoya qiladigan adiblari va adabiy asarlari bo'ladi. O'zbek adabiyotida 20-21 asrlarni qarasak, bular sirasiga albatta Abdulla Qodiriy, Cho'lpon va boshqa ko'plab adiblarni kiritsak bo'ladi. Lekin shunday kuchli adiblar ham borki, ularni imkon qadar cheklashga, bosqilashga, unini chiqarmaslikka, "tuya ko'rding-mi yo'q" qabilida siyosat olib borishga harakat qiladigan arbob-siyosatdonlar ham bo'lgan va hozir ham ba'zi shunday ruhdagi odamlar ham uchrab turadi. Masalan, Sovet davrida Otajon Hoshim, Mirtemir domla, Oybek domla va boshqa istedodli adiblar faoliyati qattiq nazorat qilinib, turli mashaqqatlarga giriftor qilingan. Xudoga shukur, bugungi mustaqil O'zbekiston sharoitida kuchli va vatanparvar adiblar qadrlanyapti va ularga hukumat tomonidan va keng jamoatchilik tomonidan katta e'tibor berilmoqda. Endi o'z lavozimi va qudratini suistemol qilib, o'zining tor manfaati nuqtai nazari bilan qarab, xalqchil adiblar ijodiga va xalqchil asarlar yaratilishiga to'sqinlik qiladigan arboblarni insofga chaqirib turish kerak. Vaqti kelib bunday arboblar fosh bo'lib, sharmanda bo'lgani qoladi, albatta.
Cho'lponning "Kecha va Kunduz" asarida, nazarimda, sovet davrida jamiyatning tuzilishi yaqqol ask ettirilib, undagi johil odamlarning dunyoqarashi mohirona tasvirlangan. Asarning kechasi shunday baquvvat bo'lsa, kunduzida yozuvchi xalqning orzu-istaklarini yorqin ranglarda tasvirlab, buning uchun nima qilmoq kerakligi, qanday islohotlar o'tkazmoq kerakligi haqida batafsil yozganligini taxmin qilish mumkin. Biroq ming afsuski, Cho'lponning "Kecha va Kunduz" asarida birorta ham havas qilsa arzigulik, to'laqonli ijobiy qahramon yo'q.
Yaqinda taniqli yozuvchi Otaulining "Tilsim (Turkiston dostoni)" kitobi nashr qilinib, "Sharq ziyokori" va boshqa do'konlarda sotuvga chiqarildi. Nazarimda bu asar Cho'lpon, Abdulla Qodiriy asarlari kabi realistik asar bo'lib, sovet davrining oxirgi kunlari va O'zbekiston o'z mustaqilligini qanday mashaqqatlar bilan qayta tiklaganini atroflicha tasvirlaydi. Asar uch aka-uka Sobir (dehqon), Qodir (biznesmen-hunarmand) va Botir (ziyoli) hayotini tasvirlash orqali nafaqat o'zbek, balki butun turkiy xalqlarning hayotini mohirona ko'rsatadi. Oldingi asarlardan farqli va diqqatga sazovor jihati, nazarimda, bu dostonda o'nlab ijobiy qahramonlar (uch aka-uka, Botir polvon va domla, Zokir o'qituvchi, Shahodat ona, Irisbeka xola, Shoxsanam, Vera, Ne'mat)ning dunyoqarashi va ma'naviyati go'zal tasvirlangan bo'lib, o'quvchida ilhom, hayotga muhabbat, qahramonlarga havas va boshqa ko'plab insoniy hislarni uyg'otadiBu doston o'zbek xalqining, qolaversa, barcha turkiy xalqlarning mushtarak manfaatlarini himoya qilib, Ahmad Yassaviy kabi avliyo da'vat qilganidek birlashishga, o'zaro inoq va totuv bo'lishga undaydi deb o'ylayman...
II. H a d d i I s k a n d a r i y (hikoya):
Iskandar avval yonidagi ayonlariga, keyin ortidagi qo'shiniga bir sidra ko'z tashladi:
- Biz... yer yuzida haq va adolatni qaror toptirish azmidagi yaxshi odamlarmiz!.. Sizlarga ham olib keldik!
- Nimani "olib keldik?"
- Haq bilan adolatni-da!
Nuroniy otaxon endi soqolini tutamlab bir muddat sukutga toldi-da, ohista dedi:
- Shuncha yo'l yurib... ovora bo'libsizlar-da! Bular o'zimizda ham yetarli edi-ku! Bizda yo'q narsalarni olib kelsangizlar ekan! Yo... sizdek adolatpeshaning topgan-tutgani anovi... nayza bilan qilichmi?!.
Iskandarning yuziga qon tepdi. Oppoq soqolini hurmat qilganiga... qarib quyulmagan chol... haddidan oshyapti-ku! Bu xom sut emgan banda kuch - adolatda emas, adolat - kuchdaligini, Iskandarning qilichini ne bir o'tkir tillardan o'tkirroqligini bilmaydi, shekilli! Bildirib to'ysinmi?!. - Oldi-ortiga qarab, jahlini bazo'r tiydi, biroq qariya tilini tiymadi:
-Tinch-osuda yashab turgan qurolsiz ulusning bosh ustiga qilich o'ynatib kelish... shu ham adolatdanmi, sohibqiron?!.
Iskandar endi beixtiyor jahliga ham, tiliga ham erk berdi:
-Jallod?.. Avval tili, keyin boshi kesilsin!
Lekin oqsoqol pinagini buzmadi: davomi
III. R u h i y a t e h r o m i (roman):
O'zbek xalqi ham tashqi tabiat, ham ichki tabiat - ruhiyat nuqtai nazaridan xudo yorlaqagan, kamyob xazinalar va noyob iste'dodlarga boy xalqlardan biridir. Bu xalqning kamyobligi-yu noyobligi avvalo shundaki, u jahondagi jamiki turkiy xalqlarning uch qadimiy ildizi (qarluq, o'g'iz, qipchoq)ni o'zida birlashtirgan tom ma'nodagi o'zbek - Turk Otaning O'z Begidir. Ma'lumki, hozirgi uyg'ur xalqi - qarluqlarning, turkman, ozorbayjon va usmonli turklar - o'g'izlarning, qozoq, qirg'iz, qoraqalpoq, tatar, boshqird, no'g'oy, mojor (venger)lar - qipchoqlarning avlodlari hisoblanadi. Jahondagi jamiki turkiy xalqlardan faqatgina o'zbek xalqi, tag'in takrorlaymiz, shu uchala ildizdan kuch-quvvat olib o'sib-ungandir. O'z paytida o'zbek xalqining uch xonlika parchalangani bejiz emas edi. Bu bo'linish uch tarixiy ildizning o'ziga xos tarzda zuhur ko'rsatishi edi, zotan qadim-qadimdan Farg'ona vodiysida - qarluq o'zbeklari, Xorazm vohasida - o'g'iz o'zbeklari, Zarafshon, Qashqa va Surxon vohalarida esa, qipchoq o'zbeklari yashaganlar. Tarixda bu uch o'zbek - o'zbekning, umuman, turkning bu uch ildizi birlashib, o'z tevaragida boshqa turkiy xalqlarni birlashtirib, qudratli markazlashgan davlat barpo eta olganida... O'zbekiston davlat madhiyasida go'zal va haqqoniy madh etilganidek, darhaqiqat, "Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan mahal, Olamni mahliyo aylagan diyor..." davomi
IV. T i l s i m (roman):
Be-e! Aldab-laqillatish uchun anoyingni topgan ekansan! Sen-ku, o’n yetti yashar qizaloqsan, o’sha qo’mondon otang shoxida yursa, bilib qo’yki, akang qarag’ay bargida yura oladiganlar xilidan, oyimtilla! Cho’pchagingni o’zingning Ivanushka durachogingga aytasan. Lekin sir boy bermadi... davomi
V. Z a m o n a z a y l i (roman):
O'g'lining gaplarini tinglab, uning dunyoqarashidan - dunyoga ochiq ko'z bilan kengroq qarashidan ko'ngli to'ldi. Xudo xohlasa, tag'in o'ttiz yildan keyin - uning yoshida o'zi kitob bilan zabt etolmagan jahonni o'g'li hisob bilan zabt etsa ehtimol! Faqat bu dunyoqarashni kerakli tomonga to'g'ri yo'naltira olsa bas!.. "Nyu-York, Mexiko, Tokio, Bombey kabi yirik shaharlarda butun O'zbekiston fuqarolariga barobar aholi qanday yashab turibdi? Yapon xalqiga O'zbekiston hududidan kichikroq, tabiiy boyliklari haminqadar zaminda son jihatidan o'zbek xalqidan qariyb o'n barobar ko'proq bo'lib yashagan holda "yapon mo'jizasi"ni jahonning ko'ziga ko'rsatishga imkon bergan asosiy kuch nimada?".. Darsdan bo'sh paytlaringda shunday jahonshumul masalalarga ham o'zingcha javob topsang yomon bo'lmasdi, o'g'lim!
Ikkinchi yil yozgi ta'tilga kelganida o'g'li bu masalalarning mohiyatiga ham yetib bora boshlaganini ayon ko'rsatdi: "Aytsam ishonmaysiz, ada, Amerikada ota-onalar o'z farzandlarini bolalaigidanoq mustaqillikka - mustaqil hayotga o'rgatar ekanlar! Yonimdagi hamxonam Jeyson mendan ikki yosh kichik, lekin ham o'qib, ham ishlaydi, mustaqil yashaydi. O'zining shaxsiy kompyuteri, mashinasi bor! Yevropa mamlakatlarini bir sidra sayohat qilib chiqqan! Hammasiga o'zi o'z kuchi bilan erishgan! Yaponlar ham, frantsuzlar ham, jamiki taraqqiy etgan xalqlar ham shunday: bolaligidanoq mustaqil hayotga o'rgatiladi! Bizada bo'lsa aksariyat otalar o'g'lining qo'lini mahkam ushlab olgan - qo'yib yubormaydi! O'g'li o'ttizga kirib, o'zi ota bo'lsa ham, unga "Bola-da!" deb qaraydi! Menimcha, hamma balo shunday qarashlarda, ada!" davomi
VI. T a r j i m a i h o l :
Otauli 1989 yilda - qirq yoshida boshlab, 1993 yilda - qirq to'rt yoshida (tasavvur ravshanroq bo'lishi uchun aytish mumkinki, Cho'lpon yoshida boshlab, Qodiriy yoshida) uch qism, besh yuz sahifadan iborat "Tilsim (Turkiston dostoni)" degan bir salmoqli asarini, nihoyat, yozib bitirdi. Odatda har bir qalamkashning bosh asari bo'ladi. Otaulining qirchillama qirq to'rt yoshida yozib bitirgan bu bosh asarida oddiy dehqon - Sobir qovunchi, hunarmand usta - Qodir uchar va ziyoli (tilshunos olim) Kenja Botir (Botir Zokirov) - shu uch og'a-ini botirlarning O'zbekiston davlat mustaqilligiga, aniqrog'i, davlat tili haqidagi qonunga kelish yo'li o'ziga xos tarzda yoritildi. Asarning 150 betlik bir qismi ("Qodir uchar qissasi") 1994 yilda "Sharq yulduzi" jurnalining 12 sonida bosilib chiqdi va shu bir qismi 1995 yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan "Alp Jamol" korporatsiyasi ta'sis etgan Alp Jamol mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir yuz betlik qismi ("Sobir qovunchi qissasi") 1995 yilda "Yoshlik" jurnalining 3-4-sonlarida e'lon qilindi. Asosiy qism (Ikki yuz ellik bet hajmidagi "Kenja Botir qissasi")dan ayrim parchalar "O'zbekiston ovozi", "Qishloq hayoti", "Muloqot", "Toshkent oqshomi", "Yosh kuch", "Tong yulduzi"..., qo'ying-chi, qariyb barcha etakchi gazeta-jurnallarda bosilib chiqdi. Qo'lyozma to'la holda G'afur G'ulom nashriyotida naqd o'n uch yildan buyon qimirlamay turibdi. O'n uch yil badalida nashriyotga to'rttami-beshta direktor kelib ketdi. Alp Jamol mukofotini olgan qariyb barcha asarlar kitob bo'lib chiqdi. Ne bir suvlar oqib, ne bir daraxtlar kesildi. Odamzod Oyni qo'yib, Zuhro, Mushtariy, boshqa sayyoralarga chiqaman deb turibdi. Ne bir nashriyotlarda ne bir kitoblar jild-jild bo'lib chiqib yotibdi. Lekin bu keng dunyoga bittagina "Tilsim (Turkiston dostoni)" degan kitob hali-xanuz sig'may turibdi... "Kengga keng dunyo" deganlari shumi?!. davomi