Muallif: Rahimjon Otaev (Otauli)
Tilsim (Turkiston dostoni)
Haq zikrini mag'zi jondan chiqarmasang,
Uch yuz oltmish tomirlaring tebratmasang,
To'rt yuz qirq to'rt so'ngaklaring qul qilmasang,
Yolg'onchisan, Haqqa oshiq bo'lg'oning yo'q.
Ahmad Yassaviy
Birinchi bob
Agar kecha Kenjaga shifoxonadagi tanishlari "Ertaga shu paytda uzoq yo'lda bo'lasan", desa u: "Karomat qilmayapsanmi?" deb kulishi mumkin edi. Nachora, odam bolasi bir kun emas, bir lahzadan so'ng ham nima bo'lishini oldindan bilavermaydi. O'zingizcha "undoq qilaman", deya reja tuzasiz, "bundoq qilaman" deb karillaysiz. Biroq yeti uxlab tushingizga kirmagan tasodiflar qo'qqisdan oldingizdan ko'ndalang bo'lib chiqadi-da, hamma rejalaringizni chipakka chiqarib yuboradi. Yo'qsa, kuni kecha kasalxonada boshini changallab, to'xtovsiz lo'qillab og'rigan kallasini qay devorga urishni bilmay, dard chekib yotgan odam, mana, bugun umumiy vagon bo'lmalaridan birida zimiston derazaga ko'z tikib, titrab-qaqshab o'tirarmidi! Ha-a, buni hayot deydilar, chidasang shu, chidamasang, ana, tappa-tayyor poyezd, o'ynashiga ishonib eridan ajragan allaqaysi oyimtillaga o'xshab o'zingni g'ildirakning tagiga tashla-da, dorilbaqoga jo'nab ketaber!
Inson hayotida shunday lahzalar bo'ladiki, u do'ppisini boshidan olib (agar o'sha do'ppi bo'lsa!), o'zining o'tayotgan umri haqida jiddiyroq o'ylab ko'rishni istab qoladi. Dunyoga o't ketganu siz uni o'chirish umidida halakaning itidek halloslab chopayotgan bo'lsangiz ham, bir zum to'xtab, orqa-oldingizga qarab olishingiz kerak bo'ladi. Qirqni qoralab turgan odam uchun esa, bu shunchaki istak emas, zarurat. Ichki bir ehtiyoj! Axir, ota-bobolarimiz "Inson umri bamisoli bir tog'; qirq dovoni - chiqish, qirq dovoni - tushish", deya bejiz aytmaganlar. Aqalli cho'qqida turganingizda orqa-oldingizga bir zehn solib qaramasangiz, qachon qaraysiz? "O'ningda emas, o'ttizingda o'rganib, qirqingda qilsang, o'lganingda o'ylaysanmi?" degan gap ham bor. Ha, hisobli dunyo bu! Bu dunyoda har bir narsaning, ayniqsa, umrning sarhisobi bo'lmog'i kerak!
Bir hafta oldin Kenjani shifoxonaga yotishga majbur qilgan narsa faqatgina asabiylik kasali emas edi. Shifokorlarning: "Asabingini egovlayverib adoyi tamom qilibsiz-ku! Shu ketishda aqldan ozasiz!" qabilidagi pisandayu vahimalari ham emas! Uni "Bo'ldi-e! Yotganim bo'lsin!" degan qat'iy qarorga olib kelgan boshqa sabablar bor edi. Avvaliga hech nimani o'ylamay biryo'la chiqaradi. Keyin o'sha qirq yillik umrini sarhisob qiladi. Ana undan keyin… ko'p yillardan buyon tuya go'shti yeb yotgan ilmiy ishini qo'lga olib, unga so'nggi nuqta qo'yadi! "Dalshe - nekuda!.."
Yaqinda o'zi doktorlik ishida foydalanish uchun imlo masalalari xususida yozma nutq tayyorlay turib, uch asarni ketma-ket mutolaa qildi. "Abadiyat qonuni", "Javob", "Lolazor". Buni qarangki, shu asarlarning uchalasida ham qahramon shifoxonada uzala tushib yotib, umrini sarhisob qiladi. Shundayoq Kenja: "Iye, darvoqe…" deb o'ylab qoldi. To'g'ri, uning sarhisobi uchun oylar kerak emas! Bir-ikki kun, boringki, uch kun kifoyadir. O'zingni o'zing ezib-ezilib o'ylayverishdan nima chiqadi? Asabni "Qoratog'ni qayiraman!" deb, "Ming yilgi" cho'qqisining tepasida yeng shimarib turibdi!
Ko'ngilning ko'chalari edi bu! Endi esa, bari o'lda-jo'lda qoldi.
He-e, yeldirim dunyoning ishlariga ham, anovi "olamshumul" doktorligiga ham ming la'nat! Qachon omadsizning ovi yuribdi, ovi yursa - dovi yuribdi?
U zimiston derazadan ko'z uzib, qo'lida obdan g'ijimlangan haftalikni yozdi. So'nggi sahifaga tikildi: "E'lonlar"… "Salqin ichimliklarga marhamat!" Achchiq kuldi. "Salqin ichinliklar" emish! Ichimlik degani soy sohilimidiki, salqin bo'lsa! "Sovuq"dir, "muzdek"dir "yaxnadek"dir, balodir-battardir, lekin… O'zbekiy emas, turkiy emas, chulchutcha bo'libdi. Nigohini sahifaning boshqa nuqtasiga ko'chirdi: "Dam olish bekati". Ol-a! "Kutish bekati", de, "Hordiq bekati" de…
Bundan ham ko'ngli qolib, yuragi battar siqildi. Mast odamdek gandiraklab tambur tomonga yo'naldi. Tambur! Anovi tamburga manovi tamburning mos kelganini qarang! ("Qulog'ingizga tambur chertyapmanmi?") Xudo haqqi, shu tobda har ikki tamburdan asabi sozroq!.. Tamburning isqirt devorlariga bexos suykalib ketmaslik uchun bazo'r cho'ntagidan tamaki qutisini oldi. Barmoqlariga bir parcha qog'oz ilashib chiqdi. O'sha mash'um xabar! Keyingi uch soat badalida o'ziga yod bo'lib ketgan uzuq-yuluq to'rt jumla xayoliga qora quyundek bostirib kirdi. "Botir, oyingning ahvoli yomon, tez yetib kel, akang". Qiziq! Qaysi akasi ekan? Sobirmi, Qodirmi? Katta akasining yozuv-chizuvga uqubi yo'qroq edi. Demak, kichigi! Lekin… Miryoqub epaqani bir cho'qishda qochiradigan ucharlarning uchari, shoxi qayrilib ketgan akasi… telegramma jo'natibdiyu o'z nomini yozishni unutibdi. Onasi yotib qolganidan shunchalik o'zini yo'qotib qo'yibdimi? Unda chindanam bir kor-hol ro'y bergan, desangchi! Qay ahvolda ekan onajonisi?..
"Yo'q, bunday emas, aslo bunday bo'lishi mumkin emas!" - o'ziga tasalli-taskin qidirdi Kenja. Axir, ikki oygina avval borganida bardam-baquvvatgina yurgan edilar-ku! To'g'ri, akalari "bir yoqadan bosh chiqarib", baqamti boshlagan yangi ishdan andak bezovta-tashvishli, biroq tetik ko'ringan edi. Buyog'ini so'rasangiz, bir-birlariga nechog'li ola qarashmasin, ikkala akasi ham lapashang-landovurlardan emas. Ayniqsa, dasti dunyoning narigi chekkasiga ham yetadigan Qodir akasi!.. O'lar ahvolda yotgan odamni uyda ushlab, o'zi unga xabar jo'natadimi? Mashinasiga o'tqazib, "mana men" degan shifokorlari bor anovi ulkan shaharga allaqachon yetkazgan bo'lar edi-ku. Aqalli sim qoqsa nima qipti?
Qolaversa, anovi landovur xotinning shoshilinch xabarni uch kundan buyon yashirib o'tirganiga nima desa bo'ladi, a? "Endi yotganingizda… sizni bezovta qilgim kelmadi" emish! U yoqda ONAning ahvoli bunday bo'lsa-yu, bu yoqda u bunday mehribonchilik qilib o'tirsa.
Sirasini aytganda, avval-boshda ayb o'zidan o'tdi. Jazirama chillada shaharning qoq o'rtasidagi shifoxonada unga pishirib qo'yganmidi? Bola-chaqasini olib qishloqqa jo'nayversa ham bo'lar edi-ku. Yo'q! Uch-to'rt kun hordiqmisan hordiq bo'lsin, keyin anovi ishga nuqta qo'yib, yozuvga topshiray devdi… Qoyillatib topshirdi. Hamisha shunday: mo'ljal boshqa - natija boshqa chiqaveradi. Nima balo, duo ketganmi uning ishlariga, omadiga?!
To'g'ri, ustma-ustiga ichilgan hapdorilar o'z kuchini ko'rsatdimi, avvaliga ikki kecha-kunduz uyqudan bosh ko'tarmadi. Asabi obdan tiniqqach, uchinchi kun haftalik dasturga qarab, boshi ko'kka yetdi. Tag'in uch kundan keyin butun jumhuriyat ahliga "Hozirgi zamon nutq madaniyati muammolari" haqida jiddiy gap aytadi-yu, boshi ko'kka yetmasinmi! Dasturni hamxonalariga ko'z-ko'zlab, uch kunni zo'rg'a o'tkazdi. Keyin yagona ermagi - radioni eshitib yotib, quloqlariga ishonmay qoldi. Haftalik dasturda aytilgan "olamshumul" nutqi… nimagadir e'lon qilinmadi! Yo tavba, uch kun ichida ishkal chiqib, eshittirishlar tartibi buzilib ketibdimikan? Qay bir g'alamisning ishi bo'ldi bu?" Nonushtadan keyioq bino biqinidagi qutichadan nutqini tayyorlagan adabiy xodimga sim qoqdi. "Tinshlikmi, uka, nimagadir ertalabki e'londa men yo'qman?" Xodim gapni qisqa qildi; "Xotirjam bo'lavering, aka, hech gap yo'q". Javobdan ko'gli to'lmadi. "Buni qanday tushunish kerak, uka?" Simning narigi tarafidagi odam undan ham qiziqqonroq ekan, jahli chiqib o'shqirdi: "Qiziq odam ekansiz, aka! Hech gap yo'q dedim-ku, bo'di-da! O'zbekchaga tushunasizmi-yo'qmi?" Xodimning g'ashiga tegmaslik uchun xayr-ma'zurni nasiya qilib, go'shakni ilgakka ila qoldi. Chorburchak qutidan tashqariga chiqar ekan, alamini ichiga yutdi. "Yo'q, men o'zbekchani tushunmayman, uka! Mana, o'ttiz sakkiz yildan buyon bu tilni tushunolmay xunobman-ku, axir! Til emas, naq tilsim!"
U asabini tinchlantirishga urina-urina, to peshinga qadar chidadi. Nihoyat, tushlikdan so'ng har ehtimolga qarshi xonada asrab turgan kiyimida shaharga "juftak"ni rostladi. Adabiy xodim nimanidir aytishni istamayapti, shekilli-da! Hoynahoy bu yerda bir gap bor! O'sha gap nimaligini tezroq bilishi kerak! Balki hali kech emasdir? Ahvolni o'nglash mumkindir? Axir, sohkoralik zamonida bir fan nomzodi dilidagi gaplarini ro'y-rost aytmoqchi bo'lsa, nimasi yomon? Nega uning gaplarini bir zarb bilan yo'qqa chiqarishadi?
Bekatda avtobus kutayotib o'zicha o'yladi: "Radioga borish qochmas, har ehtimolga qarshi qo'lyozmaning ikkinchi nusxasini olvolishi kerakmidi?" Uyga sim qoqqan edi, xotinidan ko'rsatma tegdi: "Baribir kelarkansiz, yo'l usti bozor qilib keling, adasi? Men ungacha manovi kichkinaga qarab, osh damlab turaman? Xo'pmi?" Miyasiga yana qon tepdi.
Xotinining ko'rsatmasini bekami-ko'st ado etib, uyga kelganida ish kuni oxirlab qolayozgan edi. Harqalay, biror saot bor… To'rxaltani qo'yib, telefonga yopishdi. O'sha xodimgayu undan kattaroqlarga birin-ketin sim qoqib chiqdi. Qani kimdir dastakni ko'tara qolsa! Yo'q! "Tamom, bugungi kun ham qulog'ini ushlab ketdi!" - o'yladi jig'ibiyroni chiqib. Shu payt shifokorlarning qattiq tanbehlari esiga tushdi: Shunday yashangki, dunyoni suv bossa to'pig'ingizga chiqmasin! Boqibeg'amroq bo'ling-da, uka! Asabni to'xtovsiz egovlayverganingiz bilan, biron-bir foydasi bormi?.." Beparvo qo'l siltadi; bugunga bo'lar-e! Ertalab to'g'ri radioqo'mitaga boradi-da, ishini bitirib, naryog'I shifoxonaga o'tib ketaberadi. Osmon uzilib yerga tushmas! Shunday o'ylar bilan qizalog'ini suyib-erkalab, deraza osha hovlida o'ynab yurgan bolalariga birrov ko'z tashlab, bamaylixotir vannaxonaga kirdi. Iliqqina suvda huzurlanib cho'mildi. Xonaki kiyimlarini kiyib, ayvonchaga chiqdi. Televizorni qo'ydi. Yostiqqa yonboshlab, xontaxta yonida atak-chechak turgan qizalog'ini bag'riga tortdi. Asavida allanechuk orom tuydi. Oynai jahonda boqibeg'amligi yuz-ko'zlarida "mana men" deb barq urib turgan bir xo'ppasemizning tuz-totig'siz javrashlaru-yu, xotinining shikasta tovushda zorlanishlariga baravar quloq tutib, jimgina osh yedi. Taomga fotihadan so'ng issiqqina choy ho'[lab, yostiqqa yonboshlar ekan, xotini bo'sh laganni qo'lida tutganicha derazaga tikilib qoldi. Hoynahoy bolalarini ovqatga chaqirmoqchi deb parvo qilmadi. Lekin xotinining allanechuk orziqib aytgan gaplari… bir muddat halovat topgan asabini tag'in zo'riqtirdi. "Bu dunyoda qanday qandini urib yashayotganlar bor-a, Kenjaka! Ikki qo'limizda ikki to'rvani xurjundek osiltirib biz yuribmiz. Ana, To'xtaboy aka yap-yangi mashinasini eshik oldiga qo'yib, o'zi yonida savlat to'kib turibdi, bolalari chillaning kunida bir kajava qovun-tarvuzni tashiyapti! Shularning ham armoni bormikan?.."
Gapning davomini eshitishga toqati qolmadi. Naaq yuragida nimadir paydo bo'lib, atrofini kuydira boshladi. Beixtiyor o'shqirdi: "Senga necha marta aytganman, Malika?! To'xtavoydek qing'ir yo'l bilan hech qachon mashina minmayman men! Chidamasang, ana, katta ko'cha!" Xotini yig'amsiradi: "Men ko'nglimdan kechgan gapni ayta qoluvdim-da. Biroq siz shuday deyishdan uyalsangiz bo'lardi…" Endi Kenjada choy ichishga ham, tomoshaga ham, hattoki bolalarini ko'rishga ham - hech nimaga toqat qolmagan edi. Ko'nglida bosh ko'targan yangi bir isyonni bazo'r jilovlab, jimgina yurib o'z xonasiga kirdi. Eshik ichkarisidagi dumaloq murvatni buradi. Tamom! Tasavvur qiladiki, dunyoda o'zidan boshqa hech kim yo'q! Na anovi tili mujmal adabiy xodim, na monovi asabbuzar xotini, na uy oldidagi antia qo'shnisi, sobiq hamxonasi, so'xtasi sovuq To'xtaboy!.. Ipak arqondek eshilib-chiyralgan asabini yozish umidida xonasida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. O'zini alahsitish uchun atigi bir kecha-kunduzdan so'ng tinglashni orziqib kutgan nutqining ikkinchi nusxasini qo'liga olib varaqladi. Yozganlari ko'nglidagidan qiyoslab bo'lmas darajada xira, rangsiz-tuzsiz, sovuqdan-sovuq ko'rindi. Xotirini jamlashga harchand urinmasin, xotinining hozirgi aytgan gaplari xayoliga kelib urilaverdi. Tag'in xunovi oshdi. Nega kundan kunga noshukrroq bo'lib ketyapti-ya bu xotin? Vaqtida ne-ne ijara uylarda, hozir eslasa aql bovar qilmas ko'rgiliklarni boshidan kechirganida ham zorlanib-nolimaga odam… to'rt yildan buyon shu shohona uyda yashaydiki, xudoga shukr qilishning o'rniga hasratidan chang chiqadi. Qachon qarasang "uyda hech vaqo yo'q" deb noligani noligan. "Qurib ketsin bunday turmush!" emish. "Kasbingizga kuydirgi chiqsin!" emish.
To'g'ri, kasbi og'ir, chidaganga chiqargan! Kimsan Gyotedek donishmand yozgan, axir: "Kitob jinnisi - bu beboshvoq otki, yulqinib chopishdan o'zgani bilmas". Sovuqqon yevro'palik emas, qiziqqon osiyolikning yulqinib chopish darajasini tasavvur etsang-chi bunday.
Kenja boshini changallagan ko'yi oldidagi bir dasta qog'ozga termulib, go'yo o'qigandek bo'lib o'tirar ekan, xona eshigi ohista chertildi. Unga Malikaning yalinchoq tovushi ulandi:
- Eshikni oching, Kenjaka!
O'rnidan turib eshik tomon yurdi. "Ochsammi, ochmasammi?" deya ikkilanib to'xtadi. Achchig'i hali tarqab ulgurmagan. Demak, gapdan gap chiqarishi aniq! Ohista, lekin qat'iy dedi:
- Meni tinch qo'y, Malika! Bir haftalik toat-ibodatimni bir pul qilganing yetar. Endi o'zimga kelib olay. Sen ungacha kichkinani pastga olib tushib o'ynat!
- Kichkinani Ilhomingiz olib tushdi…
- U holda… o'zing ham tusha qol! Mening biror soatlik ishim bor edi.
- Mening esa… sizda gapim bor edi, Kenjaka, juda muhim…
- Nima gap?
- Qulog'ingizga aytadigan…
Beixtiyor yuragi orziqdi. Ko'z oldida o'n besh yil oldingi ma'sumadan ma'suma, dilbardan-dilbar Malikasi gavdalandi.Murvatni ohista buradi-da, nimadandir umidvor bo'lib, ayni chog'da, nimadandir xavotirlanib, o'rniga borib o'tirdi. Ko'p o'tmay yelkalari mayin bilaklar taftini tuydi.
- Iltimos, asabingiz buzilmasin, Kenjaka! Men sizni xotirjam davolanib chiqsin deb… bir ish qilib qo'ydim…
"Nima ish? Tag'in "xotirjam davolanib chiqsin" deb! Xotirjam davolanib chiqishini istagan odam…" Kutaverib toqati toq bo'ldi:
- Nima ish? Yurakni qon qilmay tezroq ayta qolsang-chi!
- Gap shundaki… uch kun avval… bir telegramma keluvdi.
- Qanaqa?
- Akangizdan…
- Qani?..
Xotinining qo'lidagi bir parcha qog;ozga shoshilinch ko'z yugurtirdiyu, gandiraklab o'rnidan turdi. To'qqizdagi poyezdga ulgurishi kerak ekan. Nima desa bo'ladi bu xotinga? Shu tobda aytilishi mumkin bo'lgan so'zni aytmay apil-tapil kiyinib, tashqariga otilar ekan, qichqirdi:
- Men ketdim! Bolalaringga ehtiyot bo'l!
- Qayoqqa?
O'zini bazo'r bosib eshik oldida bir muddat to'xtadi:
- Qishloqqa, azizim, qishloqqa! Yetib borgach, qo'ng'iroq qilaman… - dedi zo'rg'a.
Bekatga qanday yetib keldi. Chipta olish umidida qay bir eshigu tuynukka bosh urdi. QO'lidagi bir parcha qog'ozni ko'z-ko'zlab, qay bir tepsa-tebranmaslarga behuda yalinib-yolbordi… Shu topda tasavvurda qayta tiklash ham amrimahol. Harqalay, anovi yigitchaning gaplari hali-hanuz quloqlari ostida aks-sado betib turibdi: "Sizni-ku, tushunaman, lekin meni ham tushuning, akajon! Zamon nozik. Hammayoq tekshir-tekshir. Chiptasiz olib ketolmayman!.." Ularga javoban yig'lagudek alfozda yolbordi: "Taftishchi bilan o'zim gaplashaman! Mayli, uxlamay ketay! Mayli, tik turib ketay! Atigi yetti soatlik yo'l! Armonda qolmay, jon uka!.." Yolbora turib qarasa, poyezd o'rnidan qo'zg'alib, eshikog'asi zinani yopyapti. Jon halpida tutqichga yo[ishib, yuqoriga intildi. Harqalay, shuni aniq biladiki, o'sha topda joni naq halqumida edi.
Ikkinchi bob
Oyisi, marhum otasi, qarindosh-urug'larining qayta-qayta naql qilishlaricha, Kenja chayon yilida tug'ilgan ekan. Chayon yilining ilik uzildi ko'klamida uylarida birvarakayiga ikki odam darddan to'lg'onib yotgan ekan: bu õonada - Kenjani tug'olmay, Turdi bibining õunobini oshirayotgan onasi. U õonada - hayot bilan vidolasholmay, arosatda yotgan Botir bobosi. To'qson yashar bobosi, tildan qolgan bo'lsa-da, to joni uzilgunga qadar pashshaning uchganini ham aniq-tiniq eshitib yotgan ekan. Narigi õonada chaqaloq Kenjaning chirillab yig'lashini eshitibdi-yu, jon taslim qilibdi.
Aytishlaricha, Botir bobosi butun Turkistonda tenggi yo'q polvon, tenggi yo'q mulla bo'lgan ekan. Naqd qirq yil polvon bo'lib yashabdi - yigirma yoshidan oltmish yoshigacha maydonda ko'krak kerib yuribdi. To'qson yillik umrining to'qson foizini mutolaa bilan o'tkazibdi. To o'lgunicha Yassaviy "Hikmatlar"i qo'lidan-u yostig'ining ostidan nariroqqa jilmagan ekan. To'g'ri, o'sha alg'ov-dalg'ov zamonlarda boshqa kitoblariga qo'shilib bu kitob ham manovi yassi dashtning allaqaysi burjidagi tashlandiq quduqda "jon saqlagan"mish. Lekin o'shanda ham bobosi suruvini o'sha taraflarga haydab borib, kuniga bir karra kitobni ko'ziga surtib qaytarkan. Afsuski, Kenja Botir bobosining maydonda kurash tushishlarini ham, nodir kitoblarini ham, tabiiyki, o'zini ham ko'rmagan - ko'rib ulgurmagan. Aslida ham yo'qmidi, yo saqlanib qolmaganmi, har qalay, u ulg'ayganida uylarida bobosining na bir suvrati, na sovrini qolgan edi. Lekin chorõari uylaridagi har bir ashyoda, bu uyga kelgan har bir qarindoshida uning ruhi tirikdek edi. Kenja es-hushini taniy boshlaganidan beri bu uyda bo'lib o'tgan jamiki gurung Botir bobosidan boshlanadi yo dunyo kezib, aylanib-aylanib, Botir bobosining nomiga kelib bog'lanadi. Ayniqsa bunday gurunglar chog'ida qarindoshlari, hamqishloqlari - hamma-hamma Kenjaga ayricha ehtirom bilan qarar edi. "Bobosining suyukli kenja nevarasi-da, bu azamat!" deb alqar edi. "Sen bobongning tabarruk otini elkangda ko'tarib yuribsan, Kenjatoy, bolam, - deya tez-tez uqtiradi onasi. - Ishqilib, bobongga munosib nevara bo'l! Õudodan yagona tilagim shu mening!.." "Botir bobong, - derdi rahmatlik katta amakisi, - o'limidan avval "Ismimni shu nevaramga beringlar" deb vasiyat qilgan. O'shanda rahmatlik bobong tildan qoluvdi. Biroq bemalol yoza olardi. Mana, vasiyatini Hazrati Sultonning "Hikmatlar"iga yozib qoldirgan. YAõshilab ko'rib qo'y! Bu ismga dog' tushira ko'rma, bolam!.." Lekin, urf-odatga ko'ra, Kenjani hech kim ismini aytib chaqirmasdi. U hamma uchun "Kenja" yoki "Kenjatoy" edi, "Kenja" va "Kenjatoy", tamom-vassalom.
Ha, endi o'ylab qarasa, darhaqiqat, Kenjaning bola tasavvuri Botir bobosining ismi bilan chambarchas bog'lanib ketgan ekan: "Botir bobong unday qilgan". "Botir bobong bunday degan". "Bu ertakni dastlab Botir bobongdan eshitgan edim!..". "Aytishlaricha, Botir bobong bola chog'larida …". "Attang, sening shu yurishingni Botir bobong ko'rmay ketdi-da!.."
Bunday pand-nasihatomuz uqtirish-u muqaddimalar o'z yo'liga. Ular Kenjaga birda yoqqan, birda yoqmagan. Lekin Botir bobosining ismi bilan bog'langan, bola õotirasiga o'chmas bo'lib muhrlangan shunday naqllar, rivoyatlar, ertaklar borki, ularni Kenja hali-õanuz ko'nglida jon qushidek asrab-avaylaydi. Goho qog'ozga tushirishga ham unnab ko'radi. Lekin yozganlaridan ko'ngli to'lmaydi. Go'yo bu yozganlari bilan o'zi istamagan holda bobosining aziz nomiga dog' tushirib qo'yayotgandek. Go'yo o'sha eshitganlarini oq qog'ozga ko'ngildagidek tushirmoq uchun qalami ham, ona tili ham ojizlik qiladigandek!.. Har qalay, Kenja ularning hech bo'lmaganda ayrimlarini loaqal õayolida qayta tiklashga zo'r berib urinadi. Bu ish (ha, nihoyati o'y o'ylash emas, kiroyi ish!) o'ziga ham juda-juda õush yoqadi. Shu ish bilan mashg'ul chog'lari eng ulkan, eng beqiyos hordiqdek tuyuladi. Lekin, nachora, Kenjada hordiq uchun imkon hamisha ham bo'lavermaydi. Joni halqumiga qadalib turgan ayni lahzalarda esa, haminqadar! Bas shunday ekan, qahramonimiz zimmasidagi yukni andak engillatish umidida bu ishni goho o'z zimmamizga olsak, o'ylaymizki, erish tuyulmas...
… Bir kuni Botir polvon soy yoqalab ketayotgan ekan. Qarasa, o'tkalda bir ot-arava botqoqqa botib turganmish. O'shanda Botir polvon aravakashga "Ie, otga jabr qilibsiz-ku, inim? Qani, nariroq turing-chi!" debdi-da, otni bo'shatib, jilovini qo'liga tutqazibdi. So'ngra aravani dast ko'tarib qirg'oqqa qo'yibdi. "O'z aravangizga egalik qilolmaydigan qanaqa aravakashsiz siz-a?!" deb, yangi tanishini tag'in koyigan bo'libdi-yu, yo'lida ketaveribdi.
Eh-h, Botir bobong bugun ham tirik bo'lganida bormi!..
… - Sen Kenjatoyimsan, bolam, Botir polvonning kenja nevarasi? Shunday bo'lgach, eshit: anovi buloq boshida bir paytlar aka-uka polvonlar yashagan ekan. Kattasini Parpi polvon, kichigini Sayfi polvon deyisharkan. Ikkalalari ham piridan bezgan, o'lguday õasis bir nokas bo'lgan ekan. Buloq suvining oldini mahkam tambalab olisharkan-da, hadeb o'z ekinlarini sug'oraverisharkan. Ortgan suvni dashtga oqizisharkan, biroq pastroqda qurib-qovjirab borayotgan ekinlarga bir tomchiyam o'tkazmas ekan. Qishloqda hech kim bu ikki bezbetga yurak yutib bir gap aytolmas ekan. Kunlardan bir kuni, desang, aka-uka polvonlar bir so'qa izilik erni talashib qolishibdi. Ikki o'rtada katta janjal chiqibdi. Ikkalasi ham elkasi er ko'rmagan polvonmasmi, obdan yoqa olishibdi. SHu janjalning ustiga Botir polvon kelib qolibdi-yu, ikki polvonni ikki qo'lida elkalaridan shundo-oq tutamlab, bir-birlariga qarsillatib uribdi: "He-e, sadqai polvon ketinglar! Senlarning bu fe'llaring polvon degan nomga isnodku, nokaslar!" deb hayqiribdi.... O'sha-o'sha, aka-uka polvonlar insofga kelib, qishloq ahli ularning zug'umidan qutulib, Botir polvonni alqab yashabdi.
Botir polvonlar bugun ham kerak, bolam, juda-juda kerak!..
…Nonni õor qilma, o'g'lim, nonni õor qilma! Non ko'r qilib yurmasin tag'in. Botir polvonga yarashug'li ish qilsang-chi, bolam. Bilsang, nonni õor qilganing - yurtni õor qilganing bo'ladi. Kel, men senga bir bo'lgan voqeani aytib beray.
Burda non Yaratgandan azizroq bo'lgan ocharchilik yillari ekan. Ochlikdan shishib o'lgan - kim, eng so'nggi tirraqi echkisini o'g'riga oldirgan - kim. Kunlardan bir kuni yarim kechada ikki o'g'ri qishlog'imizga kirib, odamlarning butun mol-holini haydab olib ketayotgan ekan. Oydin tunda uzoqda mulla Botir ko'rinibdi. Turkistondan tun salqinida ot yo'rttirib uyiga qaytayotgan ekan, qarasa, bunday ahvol!.. Haligi ikki o'g'rini oldidagi podaga qo'shib haydab, tongotarda qishloqqa kirib kelibdi. Mulla Botir qarab turibdi, haligi o'g'rilar har bir molni ega-egalariga tarqatib chiqibdi. Ana shundan keyin Botir polvon o'g'rilarga: "Ikkinchi shunaqa noma'qulchilik qilsanglar, ayab o'tirmayman", deb qattiq tayinlab, javobini beribdi. Botir polvonning vajohatini ko'rib, "bir ursa hoynahoy o'lamiz" deb yurak hovuchlab turgan haligi o'g'rilar jonlarining omon qolganiga shukur qilib, qishloqdan uzoqlashibdi. Oyoqlarini qo'llariga olib yugurarmish-u, biri ikkinchisini zo'r berib koyirmish: "Men senga nima deb edim? Bu qishloqning ham egasi bordir, bu qishloq ham egasiz emasdir, demabmidim?!" dermish… Oradan sal o'tib, yurtda tag'in to'qchilik boshlanibdi.
Bugungi kunda bu yurt egasiz qolmadimi, bolam? Yurtimizdagi har bir qishloqning o'z Botir polvoni bormikin, sen nima deysan? Shoyad bor bo'lsa!..
… O'tgan asrning oõirlaridami-ey, shu asrning boshlaridami-ey, ishqilib, otam zamonida Hazrati Sultonda tumonat bir yig'in bo'libdi. Unga yurtning to'rt tarafidan "mana men" degan ulamo-yu fuzalolar, mulla-yu domullalar to'planibdi. Bizdan mulla Botir ham boribdi. Buõoroi sharifdan kelgan mashhur bir qori jamoa oldida va'z aytibdi. O'shanda qori va'zõonlikni tugatgan zahoti mulla Botir shahd bilan minbarga chiqibdi-da: " - Kechirasiz, taqsir, - debdi, - siz bu erda shariatdan va'z aytdingiz. Lekin Hazrati Sultondek allomaning oldida nainki shariatdan, hatto tariqat-u ma'rifatdan ham emas, ayni haqiqatdan gap ochmoq joiz. Ahmad Yassaviy siz aytgandek "shariat peshvosi" emas! U dinni haqiqatga bir qadam yaqinlashtirgan, zulm va qirg'inga qarshi isyon ko'targan buyuk bir siymodur. "Madinada - Muhammad, Turkistonda - Õo'ja Ahmad" degan gap ham bejiz aytilmagan. Siz esa, Yassaviydek haqiqatning tayanch ustunlaridan birini nihoyati "shariat peshvosi" deysiz. Bu gapingiz o'taketgan gumrohlik-ku, taqsir?! Shariatingizda sharm bormi o'zi?!." Õullas, mulla Botir shunday va'z aytibdiki, Buõoroyi sharifdan kelgan boobro' qori miq etolmay qolibdi.
Bugun ham bu yurtning Botir polvondek mullalari bormikin-a, bolam? YO hammalari qirchinidan qiyilib ketdimi anovi olatasir zamonlarda? el-yurtning kuni chalamulla gumrohlar-u piridan bezgan peshvolarga qolmadimi mabodo?..
Bunday naqllarni har eslaganida, ochig'i, Kenja Botir bobosini qattiq sog'inadi. Bobosini aqalli bir marta ko'rishni juda-juda istaydi. YUragini so'ngsiz bir armon chulg'ab oladi. Qani endi iloji bo'lsa-yu o'sha o'zi tug'ilgan qora kundan naryog'idagi to'qson yil, to'qqiz yuz yil, boringki, to'qqiz ming yilni qadam-baqadam kezib, qarichlab o'lchay olsa! Bu yillar armonini baayni tog' qo'porgan Farhoddek bir chekkadan cho'kichlab ushatsa! Nachora, bunday armonlar yuki yolg'iz odam ko'tarolmaydigan yuk! Bir paytlar bobosi ko'targan aravadan og'irroq yuk! O'zining nihoyati qirq yillik umrini bazo'r ko'tarib turgan odam, shu atigi qirq yilni õayol elagidan tuzukroq o'tkazishni eplayolmay, hattoki bunga fursat topolmay õunobi oshib turgan odam, asrlar yukini qandoq ko'tarsin?!.
Eskilarning "chayon yili" õususidagi biri ikkinchisidan dahshatliroq naqllarida jon bor, shekilli. Qishi qattiq kelgan, ne-ne oqsoqollarning yostig'ini quritgan, tut pishig'iga etmay turib Botir bobosining ham jonini olgan o'sha mash'um chayon yili, aytishlaricha, Kenjaga ham oson bo'lmagan ekan. Kindik momosi Turdi kampir-u oyisining keyinchalik ko'p bora uqtirishlaricha, tug'ilishga tug'ilibdi-yu, qattiq kasalga chalinibdi. Qirq kungacha o'nglanmabdi. Kundan kunga to'lishib, kuchga kirish o'rniga, aksincha, cho'pdek ozib, nimjonlashib boraveribdi. Har õil emlar-u duolar, un ko'tarish-u isiriq tutatishlar kor qilmabdi. "Bola bechoraga bobosining Botir ismini ko'tarib yurish og'irlik qildi", deyishibdi qishloqdagi kayvoni kampirlar-u, ko'pni ko'rgan chollar. Qirqinchi kuni quruq terisi-yu ustiõoni qolibdi. Yig'lash buyoqda tursin, ko'zini ochishga ham majoli yo'qmish. "Yaratgan egam guvoh, rostini aytsam, o'shanda sendan umidimizni butkul uzib qo'ygandik, Kenjatoy, bolam, - deya keyinchalik necha marotaba gap bergan onasi - "Joni sabil ekan, bolam, bechoraning! Qirq kundan beri emgani taniga yuqmayapti-yu, joni tanidan uzilib ketolmayapti-ya! Buyam bo'lsa õudoning qudrati!" deb hayron bo'lib o'tirgan edim. Bir vaqt qarasam, baõtingga eshikdan… Irisbika bibing bor-ku, vaqtida "vrag narod" bo'lishdan qochib, Samarqandga bosh olib ketgan Usmon tog'angning õotini, shu bibing kirib kelyapti. Seni ko'rdi-da: "Voy, bechora bolamning butun tanasiga zahar yoylab ketibdi-ku! Qanaqa berahmsanlar?!" deya bizni urishib-koyiy ketdi. Tezda bir qora qo'chqorni toptirdi. So'ydirib, hovuri chiqib turgan issiq teriga seni mahkam o'radi. "Shuncha ko'rgiliklari ozdek, bolam bechora nafas ololmayam qoldi-ku", deb men bu yoqda qo'rqib turibman. Bir payt terini yozib qarasak, sening ko'zlaring moshdek ochilgan, rangingga qon yugurgan! Shu-shu, otdek bo'lib ketding. O'shanda seni beshikka yo'rgaklarkan, Irisbika bibing: "Ana endi bu bola o'lmaydi. Boshi toshdan bo'ladi. Tanidagi butun zaharni teri so'rib oldi. endi bu kenjatoyingning tug'ilgan yili chayon emas, qo'y bo'ldi, Shahodat!" dedi. Bibing o'shanda bilib aytgan ekan - qo'ydek yuvvosh bo'lib o'sding…"
To'g'ri, Kenja qo'ydek yuvvosh bo'lib ulg'aydi. Lekin qonida chayon yilining asoratlari saqlanib qolganmi, qaydam, qirq yillik qismati ajabtovur achchiq bo'ldi. Agar hayot deganlari, oyisi aytganidek, "bamisoli bir achchiq-chuchuk" bo'lsa, chuchugi qani buning, chuchugi?! Qirq kun emas, qirq yildan beri faqat achchig'ini ko'raverib, ko'rgan kunidan ham zada bo'lay dedi-ku?! Salga achchig'i chiqadi-turadi.
Yo'q! O'ylab qaralsa, uning hayotida chuchuk-totli lahzalar ham, bayram-u shodiyonalar ham bo'lmagan emas, bo'lgan! Aytaylik, qirq yillik hayotidagi dastlabki bayramni Kenja yaõshi eslaydi. O'shanda roppa-rosa etti yoshga to'lgan - "yaqinda birinchi sinfga boraman" deb orziqib yurgan paytlari edi. Keyinchalik nimagadir bu udum yo'qolib ketdi. Lekin o'sha paytlarda butun qishloq ahli bayramlarni nishonlash uchun yuk mashinasida shaharga tushishardi. Otasi bir gal allaqanday bayramga Kenjani ham olib tushgan. Ilk bor ko'rgan g'aroyib tomoshalari hali-hanuz shundoqqina ko'z oldida turibdi. SHaharga kiraverishda nimagadir mashina to'õtab qolgan-da, kattalar o'zlarini erga tappa-tappa tashlab, markaziy maydon tarafga oqayotgan shod-õurram olomonga qo'shilib ketgan. Buni ko'rib Kenjaning kattalarga biram havasi kelgan - biram havasi kelgan, asti qo'yaverasiz! Bir payt otasi: "Mening kenjatoyim botir yigit. Mashinadagi ashqol-dashqollarimizga bitta o'zi qo'rqmasdan poyloqchilik qilib o'tira oladi", deya maqtay-maqtay, uni kuzovda yolg'iz qoldirib, o'zi ham shaharga kirib ketgan. To'g'ri, oradan andak o'tib, unga shirindan shirin egulik-ichguliklar olib chiqqan. "Ana, mazza qilib o'tiraver!" deya qattiq tayinlab ortiga qaytgan. Ha, Kenja o'shanda rostdan ham mazza qilgan. Shunday mazza qilganki, egan shirin kulchalari-yu, ichgan totli sharbatlarining õush ta'mi haligacha og'zida turgandek. "O'shanda bitta o'zi qo'rqmasdan mashinaga poyloqchilik qilib o'tirgani"ni keyinchalik otasiga qo'shilib aytib, o'z-o'zidan faõrlanib yurgan ham! Lekin… vaqti kelib, es-hushini yaõshiroq tanigach, eslagani sayin o'sha shodiyonaning allanechuk taõiri chiqa boshlagan. U ko'nglida õushnudlik emas, g'ussa uyg'otadigan bo'lib qolgan. Yetti yoshida chorburchak qutiga tutqun bo'lmay, ulkan shaharlardagi ulkan namoyishlarda otasining elkasida harir bayroqchasini hilpiratgan ko'yi o'tgan bolakaylarni ko'rganida bu g'ussa yanada kuchaygan. Etti yoshida hazrat Navoiy Farididdin Attorning "Mantiq-ut-tayr"ini yod olganini bilganida uning yonida allanechuk afsus-nadomat, o'ksinish, nimanidir qo'msash, kimnidir sog'inishga o'õshash bir tuyg'u ham uyg'ongan. Ayniqsa, Botir bobosini qattiq sog'ingan. Hali-hanuz u Botir bobosini qattiq qo'msab-sog'inib yashaydi. Bu qo'msashlarga sabab - bobosining tenggi yo'q polvonligi-yu madrasa ko'rgan mullaligidagina emas. Bobosini ko'rib ulgurgan Sobir akasining faõrlanib aytishicha, u halimdek muloyim, ko'ngilchan, keng-fe'l, bolajon odam bo'lgan ekan...
Kenja o'zi ko'rib ulgurmagan Botir bobosini qattiq sog'inib-qo'msab yashaydi-yu, lekin, nimagadir otasini qariyb sog'inmaydi. Nega? O'z otasini-ya? O'ylay-o'ylay, goho shunday õayollarga boradiki, sababi - otasi Zokir muallimning behad qattiqqo'lligi, cho'rtkesarligi, tili zaharligida bo'lsa kerak. Balki bobosini qo'msashi ham ayni shu boisdandir? endi o'ylab qarasa, Kenja otasining oldida hamisha qo'rqib-qaltirab, titrab-qaqshab yashabdi. Hamqishloqlarining aytishicha, otasi o'qitgan sinfdagi hamma bolalar ipakdek muloyim, mo'min-qobil, mehnatsevar, kattalarga hurmati joyida, o'ta odobli bo'lib chiqarkan. Oralarida bironta ham o'jar, to'polonchi yo bezori bola bo'lmas ekan. Otasi bunday pedagogik mahoratga qanday erishgan ekan-a? Aõir, Kenja biri ikkinchisidan o'jarroq, biri ikkinchisidan to'polonchiroq bolalariga, hattoki nisbatan yuvoshroq qizaloqlariga ham bir gapni uqtirolmay ozmuncha õunob bo'ladimi! Bola tarbiyasida otasiga õos qattiqqo'llik ham kerak, shekilli-da! Lekin, nachora, fe'l-atvor hamisha ham otameros bo'lavermas ekan. Kenja behad ko'ngilchan, kimsan Zokir muallimning uch o'g'lidan biri, deyishdan uyaladigan darajada ko'ngilchan: to'polonchi bolalarini urishib-tergash tugul mundoq bir tartibga chaqirib koyiy olmaydi.
To'g'ri, otasi na akalarini, na Kenjaning o'zini biron marta urishib so'kkan emas. Lekin biron marta erkalamagan ham. O'g'illari qandaydir nojo'yaroq ish va yo sho'õlik qilsa, otasi shunday o'qrayib, eb qo'ygudek olayib qarardiki, hammalariga sichqonning ini ming tanga bo'lib ketardi. Sho'õliklaridan asar ham qolmasdi. Otasining ko'nglini topmoq uchun uchchovlon zir yugurishga tushardi.
Sirasini aytganda, otasi uchala o'g'lini ozmuncha zir yugurtirmagan. "Sobir, sen yo'ng'ichqa o'r!", "Qodir, sen mol-holga qara!", "Kenja, sen bunday… bosib yuraverguncha dalaga chiqib, chirmoviq yulib kel!" … Odatda har kim o'zining "chekiga tushgan" ishni, hech bir buyrug'-u ko'rsatmasiz ham o'zi bilib qilaveradi. Baribir, buyruqning keti uzilmaydi: "Bobong mulla Botir bekor turguncha bekor ishla degan, Kenjatoy, o'g'lim! Qani, sen shu shudgorni bel bilan yana bir marta ag'darib chiqqin-chi!", "To'p tepishdan foyda yo'q. YAõshisi, dalaga chiqib, oyingga paõta terish! Õudoga shukur, chanoqdan paõtani tortib olishga kuching etadi!", "Sening yoshingda tuyaning o'rnida juvoz aylantirganman, Kenjatoy bolam! Mayli, seni juvozga qo'shmay. Biroq manovi quduqdan chelakda suv tortib, ekinlarni sug'or, õo'pmi?..", "Mening saratonda to'n kiyib, changal orqalashlarim oldida bir qop ellamishing yuk bo'libdimi! Tashiyver, o'g'lim, tashiyver! ertaroq pishasan. Tekintomoqlikka o'rganib qolmaysan. "Mehnatning tagi - rohat" deganlar otam!..", "Shu tamakining yaproqlarini terib, ipga tizib, devorga osasanlar! Uch azamatga nari borsa ikki kunlik ish bu!"…
Qizig'i shundaki, otasi kaftdekkina tomorqalarining asosiy qismiga har yili tamaki ekadi. Oyisi zorlanadi: "Yurt qilgan ishni qilsangiz-chi, otasi! Shu Qorachiqning erida tamakiga balo bormi, bolalarning o'pkasini chiritib! Ha, ana, yurtga o'õshab bir parcha eringizga qovun eking, handalak eking, bodring eking!.." "Nima ekishni o'zim bilaman, - o'jarlik bilan gapni qisqa qiladi otasi. - Zamonning bozori shirin qovunni emas, achchiq tamakini ko'tarib turibdi, aõir! Zora achchiqni achchiq kessa!" Paõta terimi mavsumida, ayniqsa, 7-8 noyabr kunlarida hali tong bo'zarmay turib uch o'g'lini dalaga boshlaydi. Paykal tepasida turib, jahl otiga minadi: "Baribir, otim - Zokir ekan, bugun senlarga zikr tushishni bir o'rgatay! SHu dalada kuni bilan tinim topmay zikr tushasanlar! Bayramda paõta terganga ikki baravar haq tegadi, aõir! Qani, dalada bayram qilib, zikr tushinglar-chi!.."
Ha, Zokir muallim bolalarini ayamas edi. Goho oyisi tanbeh berishga jur'at qilardi: "Qo'ying, otasi, otaboshga o'õshab, chillakdek bolalaringizni hadeb zuvillataverasizmi! Bular ham bola bo'lib bir muddat o'ynab-kulsin-da! Ishlashga ulgurar hali!.." Otasi gapni cho'rt kesadi "Aqling etmagan ishga aralashma, õotin! Burnini erga ishqab ishlatganim bo'lsin bu takasaltanglarni! "Ishlagan - tishlaydi" deganlar otam! Uyda tishga bosguligi yo'qmi, demak, yaõshi ishlamayapti bularing!"…
Sirasini aytganda, otasi avvalo o'z jonini ayashni bilmas edi. Maktabda darsini o'tib kelardi-da, yo o'z uyida, yo dalada, yo akalarimi biron hamqishloqlarinikida jon-jahdi bilan ishlayverardi-ishlayverardi. Ayni chog'da, uch o'g'lini ham tinim toptirmay ishlataverardi-ishlataverardi. Lekin u tabiatan urishqoq emas edi. Urishqoqlikni behad yomon ko'rar edi. Shu boisdanmi, yo shahodatnomasida ismi "Botir" yozilgani uchunmi, otasi Kenjani biron marta urgan emas!
Yo'q, o'ylab qaralsa, bir marta urgan, boringki, urishtirgan!..
O'shanda erta bahor edi. Hammalari baravar maktabdan kelib, tushlikdan so'ng tamaki ekiladigan tomorqalarini yana bir karra shudgorlab boshlagan edilar. Yonma-yon er ag'darayotgan Qodir akasi bilan uzunligi naq bir qarich, yo'g'onligi o'rta barmoqcha keladigan bir chuvalchangni talashib qolishdi! (O'sha paytlarda yangi shudgorlangan erda qanaqangi chuvalchanglar bo'lardi-ya!) Bola bola ekan, chuvalchangni Kenja buyoqqa tortdi, Qodir akasi uyoqqa. Jonivor qoq ikkiga bo'linib, qo'llarda shilimshiq bir lattaga aylandi. Buni ko'rib, bir-birlariga tashlanishdi. endi yoqa olishib, kim kimni chalib yiqitar ekan deb turganlarida… zabardast qo'llar elkalardan tutib ularni kuch bilan ajratdi-da, õuddi shunday kuch bilan bir-birlariga urdi. Ko'zlarda o't chaqnadi. G'azabnok so'zlar quloqlarni teshib yuborgudek bo'ldi: "Nima, moylaring qaynab ketyaptimi, bo'limsiz bo'z tuproqlar! Na chuvalchangga rahmlaring keladi, na o'zlaringga! Uch og'a-ini botirlarning ahvoli mushtdekligidan bunaqa, ertaga ko'rarkanmiz-da ko'rgilikni?!"
O'sha kuni kechqurun "Uch og'a-ini botirlar" o'rtasida bolalarcha emas, ilk bor kattalarcha jiddiy bahs bo'lib o'tdi. Kim - To'ng'ich botir, kim - O'rtancha botir, kim - Kenja botirligi ma'lum, albatta. Lekin ular qanday bo'lishlari kerak? Arslon - kimning, ajdaho - kimning, qirq qaroqchi - kimning raqibi? Bu darranda-yu gazandalarni engish uchun kim nima qilishi kerak?.. Mayli, bolalarcha ma'sum-beg'araz, sodda-jo'n, lekin to'g'riroq javob topmoq umidida "ko'zida o't chaqnagan" ikkovlon "hech qachon otasidan kaltak emagan" To'ng'ich botirga, ya'ni, Sobir akasiga havaslanib qarashdi.
Lekin bu havas ko'pga cho'zilmadi. Chunki oradan bor-yo'g'i uch oycha o'tib, o'sha yilning saratonida "To'ng'ich botir"ga yarimta kaltak emas, yaõlit bir butun lo'mboz tegdi.
O'shanda otasi ettinchi sinfni bitirib, "tuppa-tuzuk yigit bo'lib qolgan" o'n besh yashar Sobir akasiga atab uy qura boshladi. Otasi qorgan "bitmas-tuganmas" loyni uch og'a-ini botirlardan biri zambilg'altakka soladi, ikkinchisi tashiydi, uchinchisi lo'mbozlab ustaga uzatadi. Yetti yashar Kenjaning chekiga õandaqdagi loyni qo'lda zambilg'altakka solish, o'n besh yashar Sobir akasiga "aravani g'ildiratish", o'n bir yashar Qodir akasiga esa, dam guvala, dam lo'mbozni otasiga peshma-pesh uzatib turish tushgan. Bir qarashda ishlar joyida - taqsimotda nuqson yo'qdek. Hamma o'z holiga yarasha ish bilan mashg'uldek. Lekin "o'zbekning kichigi bo'lguncha qozoqning kuchugi bo'l" degan maqol bekorga aytilmagan. Kenjaga qo'shimcha ish buyuruvchilar birvarakayiga uchta! Otasi "Kenja, gazcho'pni yuv!" deydi. Qodir akasi "Kenja, qumg'onda suv olib kel!" deb buyuradi. Sobir akasi "G'altakning tagiga soladigan somon qani?!" deya dag'dag'a qiladi. Kenja isyon ko'taradi: "Nima, men hammalaringga uri-churi malaymanmi?!" Aytgan gapining ma'nosini ko'pam o'ylayvermaydigan soddadil Sobir akasi Kenjaga o'shqiradi: "Tayyor loyni zambilga solish ham ishmi! Ishlasang men uchun emas, otang uchun ishlaysan-ku!" SHu gapni aytib bo'ladi-yu… Sobir akasi bir lo'mboz loy zarbidan handaqqa - Kenjaning oyoqlariga yiqiladi. Lo'mboz ortidan darg'azab otasining yozg'irishlari paydar-pay uchadi: "Ha, hammang men uchun ishlaysan! Bu dunyodagi hamma Zokir muallimning mushtdekkina qornini to'yg'azish uchun ishlaydi! Bitta Zokir tekintomoq takasaltang, boshqa hamma mehnatkash-da, aõir!.."
Keyinchalik, oradan yigirma yilcha o'tib, Kenja tibbiyot institutini "quloq-tomoq-burun" iõtisosligi bo'yicha bitirgach, talay sarguzashtlardan so'ng, Til-adabiyot institutining Nutq madaniyati bo'limida ishlar ekan, "O'zbek tilidagi arabcha, forscha va ruscha so'zlarning ma'no õususiyatlari va talaffuziga doir" nomzodlik ishini nihoyasiga etkaza turib, "Muallim" so'zining lug'aviy ma'nosi haqida ancha bosh qotirdi. Bo'limda oldinma-ketin ish boshlagan do'sti Nig'mat, ya'ni, Ne'mat bilan bu so'z atrofida uzoq-uzoq baõslashdi. Lekin uning o'zagi - "ilm"mi, "a'lam"mi, "alam"mi, aniqlayolmadi. Har qalay, shu to'rt so'z - "ilm", "a'lam", "alam", "muallim" - o'zakdosh bo'lsa kerak, degan õayolga bordi.
Ha, nima bo'lsa ham keyin bo'ldi. O'shanda - o'ttiz uch yil muqaddam esa, Kenja butun yoz bo'yi uzoq-uzoq o'ylanib yurdi: "Otam nega muncha badjahl? Otam nimadan alamzada? Nega hamma otamning mushtdekkina qornini to'yg'azish uchun ishlaydi?.." Har qalay, o'sha yilning kuzida Sobir akasi o'zicha ertakdagi To'ng'ich botir bo'lib sakkizinchi sinfga, Qodir akasi O'rtancha botir bo'lib to'rtinchi sinfga, o'zi esa, ham Kenja, ham Botir bo'lib, to'g'rirog'i, qog'ozda - "Botir", og'izda - Kenja bo'lib maktab ostonasiga qadam qo'ydi.
Sakkizinchi bob
Qahramonimiz subhi kozibda manovi kimsasiz dashtdagi katta yo'l bo'ylab baayni efiopiyalik krosschidek bir maromda yugurib ketaversin, biz tag'in uning o'n olti yil avval ko'rgan-kechirganlariga qaytaylik!
O'sha oqshomda qushdek uchib uyga qaytgan Kenja ertasiga õuddi hozirgidek ta'bi õira, ko'ngli õufton, yuragi õun bo'lib shu yo'ldan o'tgan!..
Hammasi o'sha unutilmas oqshomda Malika tilga olgan "Yassaviy - Yig'lagan ota" maqolasidan boshlandi. Navbatchi muharrir sifatida songa qo'l qo'yar ekan, maqola shov-shuv qo'zg'ashini kutgan edi, albatta. Maqbara qurilishi bilan undagi õosiyatli quduqqa bog'liq rivoyatlar jamlanib, ayrim ilmiy manbalar tilga olingan bu maqolani bosh muharrir o'rinbosari - o'zbek tilidagi gazeta "egasi"ni bazo'r ko'ndirib songa qo'ydirguncha naq ona suti og'zidan keluvdi. Lekin maqola bosilib chiqqandan keyingi g'alvalar!..
O'sha kuni ertalab maqolasiga mahliyo boqib shirin orzular og'ushida o'tirgan edi, kutilmaganda bosh muharrir chaqirtirdi. Kirsa, pakanagina muharrir keng-darhon õona to'rida bo'g'irsoq polvondek pildirab yuribdi. Kenjaning salomiga alik olish o'rniga dag'dag'a bilan qarshi oldi:
- Au, sen sarttûng balasi nemeneg'ip jurgeningdi bilesinbe?!
Kenja ajablanib, turkistoncha - "chala qozoqcha" shevada anqovsiradi:
- Nyaõippan, Amat Mirzashevich?..
- Minada neni o'ttap tursin?! Qo'ja Aõmet Qazaqstan jerinde jatir, znashit, ol qazaq aqini! Al sen... oni "turk" deysinbe, Turkiege "ma, al, sag'an!" demekshi bolasinba! Bul ne sumdiq?!.
Kenja muharrirni hovuridan tushirib insofga chaqirishga o'zicha urindi. Beiõtiyor adabiy tilga o'tdi:
- Ie, bu nima deganingiz, Amat Mirzashevich? Nima, sizningcha, Forobiy - arab, Navoiy - afg'on, Bobur - hind, Furqat - õitoy ekan-da, bundan chiqdi?.. Turkistonda yashab, Yassaviyga adash bo'la turib...Turkiston jahondagi jamiki turkiy õalqlarning bosh urib kelar muqaddas manzili-ku!..
Bosh muharrirning battar jazavasi tutdi:
- Ay sart, sen nemene, meni o'qitpaqshisinba? Anav qazaqqa nag'ashi Pakengding bir so'zimen seni isge ala qo'yg'animdi qarashi! Pakengdi shaqir mag'an!..
Kenja o'zbek tilidagi gazetaning "õo'jayini" - muharrir o'rinbosariga boshliq chaqirayotganini aytdi-da, o'zi ko'chaga chiqdi. Yutoqib chekdi. "Qaytar dunyo ekan! - o'yladi o'zicha. - Maqolada keltirilgan rivoyatlardan biri boshqacharoq shamoyilda tag'in takrorlanayotgani yo'qmi mabodo?!."
Rivoyat qilishlaricha, chillaõonadagi Ahmad Yassaviyga "YAssini chigillar bosib olib, uni "Chigiliston" deb e'lon qilishdi", deya õabar qilibdilar. Bir yuz yigirma olti yoshdagi nuroniy avvaliga "Men chillaõonaga dunyoning ishlaridan etak silkib tushganman" deya javob qilibdi. Keyin mash'um õabarning mag'zini chaqib, er yuziga chiqib kelibdi. "Hoy, Turk Otaning noahil bolalari! - deb õitob qilibdi. - Bu olamda Chin-Mochin, Hindiston, Arabiston, Yunoniston bor, ana, Mo'g'uliston ham bor! Biroq Chigiliston yo'q, Qorlug'iston yo'q, O'g'iziston yo'q, Qipchog'iston yo'q, sizlar uchun yagona yurt - Ota Turkiston bor! Bunday urishqoqlik qilib, bir turkiy urug' ikkinchi turkiy urug'ning qonini to'kaversa, yaqin yillarda yunon bilan arabdan ham yovuzroq bosqinchi bosh ustimizga qilich o'ynatib kelishi aniq, aõir!.." Qal'ani egallab, g'alaba nashidasidan kibr-havo hosil qilgan chigillar haddilaridan oshibdilar: "Õilvatingga tushib, toat-ibodatingdan qolma, hoy qarib miyasi aynigan chol! - debdi chigil beklari. - Dunyoning ishlariga aralashmayman dedingmi, endi so'zingda turib aralashma!" Ana o'shanda bir yuz yigirma olti yashar nuroniy yig'lagan ko'yi uzlatga qayta chekinar ekan, o'zicha duo qilibdi: "Iloyo bu dunyoda chigilning urug'i qurib, oti-zoti qolmasin, lekin Turkiston dunyo turguncha tursin!" Chillaõonada ertasiga Yugnak qal'asidan o'n olti yoshida "tug'ma ko'r shoir", "Adib Ahmad" sifatida nom qozonib kelayotgan bir adashini huzuriga chorlabdi-da, yig'lab o'tirib hasrat qilibdi: "Men bu õalqning ne bir ko'zi ochiq farzandlarini ko'zlariga ayon ko'rinib turgan haqiqatni qayta nuqib ko'rsatib, naq bir asrdan buyon muttasil insofga chaqirdim - kelmadi. Noinsof nodonlar, aksincha, o'zimni yomonotliq qilishdi! Bu ahvolda erta bir kun bu yurtga shunaqangi yovuz bosqinchilar keladiki, ularga qiyoslaganda yunon bilan arabdan suv o'girib ichsa arziydi!.. Ana o'shanda seningdek ko'ngil ko'zi ochiq ruhoniy zotlar õalqning ruhini cho'ktirmay, urishqoqlarni ahillikka undab, nodonlarni insofga chaqirib, haqiqatni ularning ko'zlariga ayon ko'rsatib turishlari kerak bo'ladi. Men-ku, oshimni oshab, yoshimni yashab bo'ldim, endi õudo senlarga to'zim bersin, bo'tam!.."
Bugun o'sha dunyoning ishlarini chigallashtirib, YAssi shahri bilan uning atrofidagi Yugnak, Sig'noq, Cho'rnoq, Qorachiq, Qarnoq, Iqon qishloqlarini o'zlaricha chigillashtirgan, bu qilmishi uchun avliyoning qarg'ishini olgan chigillardan-ku, nom-nishon qolmadi-ya! Lekin bu õalq o'z haddidan oshishlarni bas qilib, insofga keldimi?! Uch juz qozoq bilan to'qson ikki urug' o'zbek bu jahon ayvonidagi jamiki turkiy õalqlarni shu muqaddas zaminda uyushtirishning o'rniga... erta bir kun allakimlar bu shaharni "Bo'jbaniston" deb e'lon qilmaydilarmi mabodo?..
Õonasida yolg'iz o'zi og'ir o'ylarga cho'mib o'tirgan edi, o'rinbosar quyundek elib oldiga kirdi:
- Men sizga niy debidim, inim! "Qo'ying shu maqolani, bir g'alvani boshlamang!" demabmidim?! "Namuncha qo'rqasiz! Nihoyati afsona-rivoyatlar bo'lsa!.. Mana, men o'zim javob beraman!" deb meni aldab chuv tushirdingiz. Ana, o'zingiz javob bering endi, bildingizmi!
Ismi asli arabcha "fotih" so'zidan olingan, lekin bir chalasavod pasportiga "Patiõ" deb yozgan o'rinbosarni o'zbeklar "Patak" laqabi bilan, qozoqlar "Paka", ayrim hazilkashroqlari esa, "Pakana" deya "ulug'lardilar". O'rinbosarning ahvoliga qarab Kenjaning kulgisi qistadi:
- Namuncha vahima qilasiz, og'ajon! Tinchlikmi? Tushuntiribroq gapirsangiz-chi?..
- Gap shuki, yaõshilikcha ariza yozing-da, Amat Sultonovdan kechirim so'rab ishdan keting, bildingizmi! "Hazrati Sulton" janobi oliylari "Bilimdonligini O'zbekistoniga borib qilaversin" dedilar, bildingizmi! Qani, tezroq ariza yozing, yo'qsa!..
- Ie, nega endi he yo'q be yo'q ariza yozib ishdan ketar ekanman? Nima, manovi o'zbekcha gazeta bilan Turkiston Amat Sultonovning onasining mahriga tushganmi?! .
- Shuni bilib qo'yingki, inim, balki yovdek yoqalashib ishlasangiz ishlarsiz, biroq endi tarjimonlikdan nariga o'tmaysiz. Sizning "sharofatingiz" bilan "Adabiyot sahifasi"ni ham tugatdik, bildingizmi? endi afsona emas, she'rniyam qozoqchadan tarjima qilib beramiz, Sultonovning ko'rsatmasi shunday, bildingizmi?..
Bunisi endi hammasidan oshib tushadigan gap edi. Aqli bovar qilmadi. Hazilmi, jiddiy gapmi bu?!
- Nima, o'zbek havaskorlari ham she'rlarini qozoqcha yozar ekanmi? Bunaqada o'zbek tilidagi gazetaniyam, maktablarniyam yopib qo'ya qolishsin! Ko'chaga chiqib dod solsang arziydigan gap-ku bu!
- Dodingizni menga aytmang, inim! Arizangizni yozing-da, ana undan keyin bilganingizni qilavering, bildingizmi!
- Yaõshi, ariza yozaman! - Kenja shahd bilan o'rnidan turdi. - Lekin Sultonovga emas, boshqa odamga yozaman arizani!
- Mayli, kimga yozsangiz iõtiyoringiz, faqat meni shu g'alvadan qutqaring, bildingizmi!
Kenja o'rinbosarga ensasi qotib qaradi: quyonyurak! Hali shu yurak bilan necha yillardan buyon o'zbekcha gazetaga muharrirlik qilib o'tiribdimi bu! Qanaqa muharrirlik, nihoyati qullik-da! Senga qolsa, tiling chuchvaradek tugilsa ham qo'l qovushtirib turaverasan! Qo'rqa-pisa bir tavakkal qiluvding, dastlabki tahdiddan hurkib darrov shaqildoq chalishga tushdingmi?!.
Qog'oz-qalamini yig'ishtirib tashqariga chiqdi. To'ppa-to'g'ri birinchi kotib qabuliga boradi. Aytishlaricha, bu odam asli Sayramda tug'ilib o'sgan o'zbek ekan, undan dangal "Yassaviy qozoq oqinimi?!" deb so'raydi. "Manovi Turkistonni kim qachon nega Turkiston deb atay boshlagan, endi kim qachon otini yana boshqa qo'yadi?" deydi...
Birinchi kotib "SHu odam qachon kelar ekan" deb kutib o'tirgan ekanmi, nima balo, bir lahza ham kuttirmay qabul qildi. O'zi orqavarotdan ko'p eshitgan ta'riflarda jon bor ekan, toshni ham eritib yuboradigan darajadagi quyuq iltifotu muloyimlik bilan kutib oldi. Ahvol-ruhiyasini so'radi. Arz-dodini jimgina eshitdi. Maqolasiga ko'z yugurtirdi. Har bir gapini astoydil iõlos bilan bosh tebratgan ko'yi ma'qullab turdi. Ayniqsa, Yassaviyning qay millatga mansubligi õususida gap ketar ekan, allanechuk hayajonlanib Kenjaning gapini og'zidan ilibmi-yulib oldi:
- Judayam to'g'ri aytasiz, Botir Zokirovich! Yassaviy ijodi barcha turkiy õalqlarning mushtarak merosi, albatta. Binobarin, uni "qozoq oqini" deyish mutlaqo noto'g'ri. Biz Yassaviyga tor milliy manfaatlar, ayniqsa, urug'chilik kayfiyatlari nuqtai nazaridan qarashga mutlaqo yo'l qo'yolmaymiz. Ayni chog'da bu odamning o'taketgan õudojo'y zohidligi, tarkidunyochilik kayfiyati, ta'limotining o'ta reaköion mohiyatini õaspo'shlab ko'rsatishga urinishlarga ham mutlaqo qarshimiz! - So'ngra kamida Dilbar Abdurahmonovadek ulkan musiqiy ansamblni boshqarishning rosa hadisini olgan mohir dirijer singari kutilmaganda gap ohangini keskin o'zgartirib, unga sinovchan tikildi: - Qayerni bitirgansiz, ukajon?
Kenja hamsuhbati gapni qaerga nima maqsadda burib o'zini qayoqlarga boshlamoqchiligini tushunolmay imkon qadar qisqa javob qildi:
- ToshMIni. "Quloq-tomoq-burun" iõtisosligi bo'yicha?..
Sarkotib bir muddat jim qoldi. So'ng o'ta mehribonlik va astoydil õayriõohlik bilan so'radi:
- Turkistonda sizdek kamyob mutaõassisni ko'zlarimizga to'tiyo qilsak arziydi! Buning ustiga, aytishlaricha, diplomingiz qizil ekan, o'zingiz ham... ro'znomada nima qilib o'tiribsiz, ukajon?..
Nima desin? "Dam she'r, dam hikoya, dam maqola yozib o'tiribman" desinmi? "Qozoqchadan o'zbekchaga tarjima qilib" desinmi? Yo'q, gapni chuvalatmagani ma'qul! Ochig'ini aytib, ahvolini imkon qadar to'g'ri tushuntirishga urindi:
- Bilasizmi, To'raõon Jo'rashevich, o'qishni bitirgach bir muddat Toshkentdagi qiltomoqlar shifoõonasida ishladim. Bu erga kelib qarasam, ko'z tegmasin, bittayam qiltomoq yo'q, demakki, uni davolaydigan shifokorga zarurat ham!.. Bolaligimdan adabiyotga, ijodga ishtiyoqim baland edi, shuning uchun...
- Ishtiyoqingiz balandligi ko'rinib turibdi! - "Mohir dirijer" tag'in gapni ilib ketdi: - Lekin õalqimiz "CHumchuq so'ysayam qassob so'ysin" deb bekorga aytmagan. Bizga har bir sohada, jumladan, tibbiyotda ham, adabiyotda ham, matbuotda ham yuksak malakali mutaõassislar kerak. O'z o'rnida kerak! O'z iõtisosligingiz bo'yicha ishlang, yordam beray, tomog'i bo'lmasa, qulog'i bilan burni kasallar ko'p bizda! SHunaqangi dimoq-firoqlar borki!..
Kenja birdan bo'shashdi. "Yo'q, bu odamni gap bilan engib bo'lmaydi!" degan Qodir akasi ming karra haq ekan!" - iqror bo'ldi o'zicha. Lekin Qodir akasi nihoyati bir usta "temirchi", o'zi havaskor bo'lsayam, har qalay, ijodkor-ku! Tag'in bir urinib ko'rdi:
- Yosh mutaõassisga yordam qo'lini cho'zmoqchi bo'layotganingiz uchun rahmat, To'raõon Jo'rashevich, lekin mening ko'nglim...
Jo'rashev samimiy(mi ekan?) kuldi. e'tirozga o'rin qoldirmaydigan bir qat'iyat bilan o'sha-o'sha halimlik bilan uqtirdi:
- Ko'ngilning ko'chalarini qo'ying, Botir Zokirovich! Yuksak malakali tibbiyot õodimi sifatida o'zingiz ham bilsangiz kerak, "ko'ngil" deganlari aslida yo'q narsa! SHoirlarning havoyi so'zi bu! Odamda jigar bor, o'pka bor, hay, ana, yurak ham borda bor, biroq ko'ngil?.. Biz materialistmiz, binobarin, yo'q narsalar bilan emas, qo'lga ilinadigan, ko'zga ko'rinadigan narsalar bilan ish ko'ramiz! Õo'sh, nima deysiz, sog'liqni saqlash bo'limiga aytaymi?..
Ochig'i, Kenja ishning bunday tus olishini mutlaqo kutmagan edi. Qani endi e'tiroz bildirib ko'ring-chi! "Aõir, men sizdan ish so'rab emas, madad so'rab, adolat istab huzuringizga kelgan edim-ku!" deng-chi! Ish battar chappasiga ketmasligiga kim kafolat bera oladi? YO ochiq-oshkor bahsga kirishsinmi: "Nega ko'ngil yo'q narsa bo'lar ekan?! SHu topda sizdan ko'nglim qolmay nimam qoldi? Bir pul bo'lgan kayfiyatim, puchga chiqqan umidlarim, iõlosim, ishonchim, tuyg'ularim... bular ham yo'q narsalarmi?" deb dangal so'rasinmi? Ko'ngil, dil, qalb, ruh!.. Asrlar mobaynida ne bir ulug' zotlar qo'llagan bu so'zlar nahotki hech bir asosga ega bo'lmasa?! Aõir, hamma balo ko'ngilsizlik-ruhsizlikda emasmi? "Kommunistik ruh"da ham ruh bor emasmi?!. Yo'q, u quloq-dimoq-tomoq, ayniqsa, halqum, õususan, nutq a'zolari qurilishi haqida istagancha bahslasha oladi, lekin ko'ngilni!.. Asli nimaligini rostdan ham bilmaydi, shekilli?.. O'rnidan og'ir qo'zg'olar ekan, nutq a'zolari o'ziga bo'ysinmadi:
- Men bir o'ylab ko'ray...
Jo'rashev õayrlashish uchun qo'lini cho'zdi:
- Mana, gaplashib ham kelishib oldik! Jiddiyroq o'ylab ko'ring, ukajon! Basharti yordamim kerak bo'lsa, tortinmay huzurimga keling, õo'pmi?..
U birinchi kotib huzuridan bo'shashib chiqdi. Shoshqaloqlik qilganidan afsuslandi. Bekorga ovora bo'lgani qoldi! Ikki o'rtada qovun tushirdi. Qosh qo'yaman deb ko'z chiqardi. Ortiq qilaman deb tirtiq qildi. Battar ko'ngli õira, ta'bi tirriq bo'ldi...
Raykomdan chiqib, tahririyatgami, bosmaõonagami, uygami - qayoqqa borishini bilmay bir muddat esankirab turdi. Boshi oqqan tomonga ohista odimlar ekan, battar õunobi oshdi. Qachon qaerda qanday õato qildi o'zi?! "Yassaviy - Yig'lagan ota" maqolasini chiqaribmi? Sultonov bilan haq-huquq talashibmi? O'rinbosar Fotih akaning oldida chiranibmi? Birinchi kotibning qabuliga kiribmi? Yo... etti yil ToshMIda o'qibmi? Qachon yo'l qo'ydi o'sha mash'um õatoga?!
"O'tgan o'tdi, ketgan ketdi, so'lgan so'ldi, qolgan qoldi". Bo'ladigan ishni o'ylasa, endi õatoni qanday tuzatish mumkin? Sultonovning oldiga borib tavba-tazarru qilsinmi? SHe'r zavqi, hikoya shavqi, maqolaning totli azobidan butkul voz kechib, tarjima bilan umr o'tkazib, Sultonovdan muruvvat kutib yashasinmi? YO Jo'rashevning taklifiga binoan o'z iõtisosligi bo'yicha ishlasinmi? Tuman shifoõonasining bir õonasini o'ziga moslab, "Bu erda kim birinchi qiltomoq bo'lar ekan?" deya kutib o'tirsinmi?..
"Shu kalla o'zimniki!" deya azot bosh ko'tarib yurgan odam o'z yo'lini o'zi topmog'i kerak! Ayniqsa, yigirma besh yashar Botir!.. "Qo'ying, o'z yo'lini o'zi topsin u, Zavqlanolsin u ham kurash yo'lida!" Burnidan ip o'tkazilgan tuyadek etaklamasa yurolmaydigan nochor-noshud soyaparvardan farqli ravishda, chinakam Botirning eng birlamchi ishi, nomai a'moli bu! Lekin har qanday Botir hayotida ham shunday lahzalar bo'ladiki, u oqil rahnamoning yo'l-yo'rig'iga, ko'pni ko'rgan donishmandning ko'rsatmasiga juda-juda muhtoj sezadi o'zini! Afsuski, Kenjada na rahnamo bor, na donishmand maslahatgo'y!
Har qalay, u yolg'iz emas - akalari bor-ku! To'g'ri, Sobir akasining ko'rgan-boqqani asosan anovi yassi-yaydoq dalalari bilan bir botmonlik ketmoni. Binobarin, kundalik tirikchilik tashvishlari bobida istagan maslahatingiz chiqishi mumkin. Lekin u bosh qotirayotgan masalalar bobida... arbob kerak, arbob! Shunday arbobki, hamisha zo'rdan zo'r chiqib, ne bir arbobni ham har bob bilan uradigan bo'lsin!.. Demak, bu galgi maslahatgo'yi ham Qodir akasi! To'g'ri, Qodir akasi hali ulkan arbob emas, nihoyati arboblikka nomzodgina! Nomzod bo'lganda ham... yigirma to'qqiz yoshida jahonning qoq yarmini tomosha qilib, kuni kecha Moskvadan Turkistonga qaytib kelgan, Hazrati Sultonning yonidan dang'illama uy sotib olgan, Turkiston Industrial Teõnikumi (TIT)da o'qituvchi, ayni chog'da, ta'mir-meõanika zavodida bosh injener bo'lib ishlab turgan uddaburrolikda tengsiz, naq yulduzni benarvon ura oladigan Qodir akasi bor-ku! Bu atrofda Qodir akasidan zo'rroq arbobni qayoqdan topasiz?!.
U akasiga ko'nglini yordi. Uyda ro'znomani, ro'znomadagi Kenjaning maqolasini o'zicha hijjalab yotgan Qodir akasi ukasining ahvol-ruhiyasini ko'rib, qo'shimcha tafsilotlarni o'z og'zidan eshitib, jahli chiqdi. Qizishib uqtirdi: "Namuncha ammamning buzog'idek bo'shashasan, ukaginam? Kim aytadi seni Kenja Botir deb! Avval-boshda Toshkentdek shahri azimdan bekor kelding - gapning qisqasi shu! Nima, bu erda senga birov pishirib qo'yganmidi?.. - Ukasining battar bo'shashganini ko'rib shashtidan tushdi. Gapni qisqa qildi: - Haliyam kech emas! endi Qorachiqni - Sobir akangga, Turkistonni - menga ishon-da, o'zing Toshkentga qayt, inim! Sening joying Toshkentda! Katta Turkiston - Buyuk Turonning bugungi Qorachig'ida!.."
Qodir akasi bilan vaqtincha õayrlashib Qorachiqqa chiqar ekan, o'zicha õulosaga keldi: ha, rostdan ham tag'in Toshkentga qaytib borishi kerak - eng to'g'ri yo'l shu! "Bilimdonligini O'zbekistoniga borib qilsin!" degan Sultonovning ham ko'ngli to'lsin-da! Jon-tanni halqumga qadar ko'rdi-bildi, yaõshigina o'rgandi, endi Toshkentga qaytib borib, aynan ruhshunoslikka o'qiydi. Fiziologiyadan psiõologiyaga o'tadi! Mayli, naq bo'g'ziga qadar fahshga botgan haromtomoqlar bilan shug'ullanib jarrohlik qilishni istamasa, sog'likni saqlash vazirligimi boshqa biron joydan ish qidiradi. Ishqilib, bu ruhsiz tuzumga ruh bag'ishlash harakatida bo'ladi endi. Turkistonga qaytib kelib, bir topgani - Malikasi, yana bir topgani - "Yassaviy kim? Turkmi, qozoqmi, bo'jbanmi?" qabilidagi savollar bo'ldi. endi Malikani Toshkentga olib boradi-da, bunday savollarga ikkovlashib, agar õudo bersa, o'zlaridan ko'payib-ko'payishib, bola-chaqalari bilan birga javob qidiradi!
Uyga kelib oyisiga o'z ahdini ma'lum qildi:
- Men Toshkentga qaytib ketmoqchiman, oya!
Uch o'g'lining, ayniqsa, Kenjatoyining ra'yini qaytarib-shashtidan tushirib o'rganmagan, aksincha, o'z erki-iõtiyorini har bob bilan rag'batlantirishga odatlangan ona, baribir, andak taraddudlandi:
- Maylin-ku, bolam... biroq o'zing kuni kechagina "Endi hamisha yoningizda bo'laman" degan eding... Ko'ngling tag'in Toshkentga chopar ekan, bu erga kelishdan maqsading nima edi, o'g'lim?..
Kenja ma'noli kuldi:
- Maqsadim ko'ngilga yo'l topish edi-da, oya!..
"Imga tushunmagan dimga tushunmaydi" deydilar. Shu bir hikmatli gapni yaratgan turkistonliklar imni ham, dimni ham juda yaõshi tushunadilar. Ular odam bolasi tilga olayotgan har bir gap-so'zning avrasigagina emas, astariga ham qaraydilar, zero gap tagida gap borligini juda yaõshi biladilar. Shu boisdan har bir turkistonlik muqotish-kekatish, piching-kinoya, tagdor imo-ishora, uchuruq-qochirimga usta bo'ladi. Shu qadar usta bo'ladiki, farg'onalik eng hozirjavob askiyachini ham so'z o'yinida bir cho'qishda qochiradi desak lof qilmagan bo'lamiz. Gap Kenja Botirning onasi õususida ketar ekan ayta olamizki, u erning tagida ilon qimirlasa bila oladi. Har bir odamni, uning qanday odamligini, ichidagi olasini yuzidan yo so'zidan emas, ko'zidanoq taniydi. Turkistonliklarning onaga bag'ishlangan eng dilrabo qo'shig'ida aytiladiki, "Ko'kimtir ko'klamda ko'zingdan taniyman". O'g'il onani qirq yillik ayriliqdan keyin ham ko'zidan tanir ekan, ona bolani ko'zidan tanimaydimi? Ko'zidan taniydigan odam so'zidan tanib, gap tagidagi gapini tushunmaydimi? Garchi o'g'li nima demoqchiligini nainki tushunib, dil-dildan his qilib, hayotidagi eng baõtiyor lahzalarni boshidan kechirayotgan bo'lsa-da, yolg'ondakam qovoq uyib so'raydi:
- Topdingmi o'sha yo'lni?..
- Topdim, oya , topdim!
- Topganing... malikami?..
- Qayog'dan bildingiz?..
- Bildim-da!.. Qani, ko'ngil qo'yganingning uyiga borar yo'lni aytasanmi endi? Akalaringdan suyunchi so'rayveraymi?..
Ona ma'noli kulib o'g'liga tikiladi. O'g'il ham ma'noli kulib erga qaraydi-da, savolga javoban sukut saqlaydi. Tushungan odam huda-behuda gapiravermaydi - kerakli paytda sukut saqlashniyam biladi. Tushungan odam huda-behuda o'smoqchilayvermaydi ham - garchi savollari javobsiz qolgan bo'lsa-da, etarli javob olgandek qanoat hosil qiladi. Dil dilni tuyganda tillashish shunaqangi osonlashadiki!..
Buyog'i endi to'y - Turkistonning to'yi, turkistonlik o'zbek Kenja - Botir bilan Malikaning to'yi!
Turkistonlik o'zbekning, umuman, o'zbekning to'yi ta'rifga sig'adimi? Qiyin ish bu! Aõir, kamalakni qanday ta'riflash mumkin? Yo'q, astoydil intilgan odam ta'rifga sig'dira olar ekan! Mana, Hayot Ismoilov... "O'zbek to'ylari" degan katta bir kitob yozibdi! Iloyo qo'li dard ko'rmasin, umridan baraka topsin shu odam! Nihoyatda õayrli, savob ish qilibdi! Mumkin ekan-ku! Etti yoshdan etmish yoshga qadar har bir qorako'z o'zbekning butun umr orzu qiladigan eng oliy murod-maqsadi - to'yini ta'rifga sig'dirsa, õalqning udumi bilan ko'nglini to'g'ri tushunsa bo'lar ekan-ku! YAna bir marta tilak bildiramiz: har bir o'zbekning ko'nglidagi murod-maqsad manzili - to'y haqida yozgan odamning qo'li dard ko'rmasin, topgan-tutgani to'yga buyursin!
Kamalakni ta'riflash qiyinmi, tasvirlab ko'rsatish? Ikki qorako'z o'zbekning kutilmagan baõti - Otabek bilan Kumushbibining to'yidan bir nechtagina lavhani qoyilmaqom tasvirlagan Julqunboy... ayni shu to'y tasviri sabab o'z vaqtida har bir qorako'z o'zbek nazdida osmon qadar yuksalgan, yot ko'zlarga esa, o'tdek bosilgan emasmi edi? Agar bu to'y batafsil tasvirlanib, "O'tkan kunlar" emas, "To'y" degan roman yozilganida... õudo biladi, nima bo'lar edi!.. Kenja botir bilan Malikaning to'yini qay bir ilohiy qalam ko'ngildagidek tasvirlab bera oladi? Yolg'iz o'zi ikki o'g'lini uylantirib, uchinchi o'g'lining to'yini intiqlik bilan kutayotgan onaizorning Malika yashaydigan õonadon eshigini supurar ekan, ko'nglidan kechirganlari. Bir yonida - Sobiri, bir yonida - Qodiri, o'rtada - o'zi sovchilikka kirib borar ekanlar, har uchchovining ahvol-ruhiyasi, dilidagi shukronasi, faõri-g'ururi, sha'ni-shavkati... Qariyb yigirma yil intiqlik bilan kutilgan lahzalardagi qudalar bilan bo'lajak kelin-kuyovlarning kayfiyati. "Qudachilik - ming yilchilik", "Qizi borning nozi bor", "Bor tovog'im, kel tovog'im, bormasang-kelmasang, ikki o'rtada sin, tovog'im" singari Yassaviy hikmatlaridan ham hikmatliroq gaplari. Bunday gaplarning qay birini aytaverasiz, aqalli to'y bilan bog'liq so'zlarni bir sidra tilga olaylik! "To'qqiz-to'qqiz", "Qiz oqshomi", "Ish ko'rdi", "Kelin tushdi", "Yor-yor", ko'pkar, kurash, karnay-surnay... Bularni sanab tugatish qiyin-ku, hammasini tasvirlab ko'rsatish... osonmi?! O'zbek õalqining jami yuzga yaqin dostoni qahramonning murod-maqsadiga - to'yga etish yo'lini ko'rsatishga bag'ishlangan-da, aõir! Ularni bir dostonga jamlash... amalda mumkinmi?!. Bizning ishimiz o'ta cheklangan - holimizga yarasha: uch og'a-ini, õususan, Kenja - Botirning ko'ngliga imkon qadar to'g'ri va qisqa yo'l topish!
Bas shunday ekan, "chekinish"ni qisqaroq qilib asosiy muddaoga o'tsak, Kenja to'y arafasida kuyovto'ra sifatida bashang kiyinib, qay bir ko'zlarni o'ynatib, qay bir ko'zlarni kuydirib Qodir akasining mashinasida Qorachiqdan Turkistonga tushdi. O'z arizasiga binoan ishdan bo'shar ekan, bosh muharrir bilan o'rinbosarni, Sarsenboy bilan Dugonani, tahririyat bilan bosmaõonadagi boshqa hamma-hammani to'yga taklif qildi. Birinchi kotibni taklif qilib ovora bo'lmadi: birinchidan, endi qabul qilmaydi. Ikkinchidan, qabul qilib taklifnomani olganida ham, baribir, to'yga kelmaydi. Taklifnomani qabulõonada qoldirish... yo'q, bu nafsoniyatdan, hamiyatdan, oriyatdan emas! "Suymaganga suykalma" deganlar! Sevgi esa, ko'ngilda bo'ladi! Ko'ngilni yo'q deb bilgan odam... sevgini, ishq-muhabbatni biladimi!..
"To'y" degan romanni yozolmagan o'zbek yozuvchisi "Asal oyi" degan romanni qayog'dan yozsin!
Afsuski, inson umri to'y bilan asal oyidangina iborat emas!..
Asal oyini Turkistonning Qorachig'ida o'tkazganidan keyin Kenja bilan Malika ikkovlon "Qaydasan, Toshkent - ulkan Turkistonning hozirgi ulkan Qorachig'i!" deya yo'lga tushadilar. Ularni Qodir akasi o'z mashinasida Qorachiqdan Turkistonga olib tushib, Turkistondan Toshkentga kuzatib qoladi. O'shanda Qodir akasi anovi Qorachiqsoy ustidagi yangi ko'prik qoshida bir muddat to'õtab, surunkali zo'riqishdan qizib ketgan mashinasiga suv quyadi...
"Suv deya, suv deya kechmishdir". O'ylab qarasangiz, bugungi kunda bu ko'hna er sathini o'rgimchak to'ri yanglig' o'rab-chirmab olgan katta-kichik, tosh-temir, shag'al-tuproq, havo-suv yo'llari bo'ylab bir-birlariga basma-bas kezib yurgan sonsiz-sanoqsiz qurilmalarning jamiki g'ildiraklariyu parraklari suv deya suv deya chirpirak bo'lib aylanayotgandek! Faqatgina yo'lovchi qurilmalarmi?! Ne bir zavod-fabrikalar, konöernlar, birlashmalar, butun boshli sanoat shaharlari!.. Baayni ajdahodek bahaybat og'izlarini ochib, atrof muhitga o't-olov purkab, suv deya suv deya yutoqib na'ra tortmayaptilarmi?! Nihoyati kichik bir soy emas, Jayhundek jahondagi eng asov daryolaru Oroldek jahondagi eng sersuv dengizlarning ham sho'rini quritmayaptilarmi ular - o'sha yutoqqan yuholar?..
…Mana, qahramonimiz o'sha yutoqqan yuholar bilan bahs bog'lagandek, kimsasiz ko'cha bo'ylab suv deya suv deya chopmoqda! YUragi o'tdek yonib, o'pkasi og'ziga tiqilib, g'arqob bo'lib, Qorachiqsoyga ko'z tikib bormoqda. "Taqa tuyoqni asraydi, tuyoq tulporni asraydi, tulpor botirni asraydi, botir elni asraydi" degan ota-bobolarimiz. Bugungi kunda nima ko'p - yo'l ko'p, yo'l uzra g'izillagan qurilma ko'p, qurilmani abjirlik bilan boshqarayotgan ustasi farang uchar ko'p, biroq Botir qani? Botir bo'lsa, uning Tulpori qani? Tulpor ham topilsa, tuyog'iga taqa qani? Kenjaning qirq yil o'ngga-chapga og'ib ketmay to'g'ri yo'ldan to'g'ri yurib, hattoki yugurib-elib, izlanib-izillab topgan-tutgani temir taqagayam etmadi, o'zi choynakning qopqog'igayam ega bo'lolmadi!.. Shu topda birdan-bir umidi õuddi bolalik chog'laridagidek qadrdon Qorachiqsoy ko'prigiga etib borsa-da, ko'prikda turib o'zini zilol suv bag'riga otsa! Kuyib borayotgan yuragini muzdek suvga cho'mdirib bir muddat halovat topsa! Lekin...
Qani o'sha bolalik qadrdoni Qorachiqsoy? Bir paytlar yoz chillasida ham to'lib-toshib oqib, ne bir mustahkam ko'priklarni oqizib ketgan asov Qorachiqsoy. Mustahkam ko'prik-ku, mana, egasiz qolgan uydek hunuk qo'nqayib turibdi. Ana, soyning o'zani ham ulkan ajdahoning tashlangan po'stidek qaqrab-qovjirab yotibdi! Lekin soyning o'zi… yo'q-ku? Yo'q, ana, "ajdaho"ning naq halqumi-giriboni-jig'ildonida bir hovuchgina ko'lmi-ko'lmak gavhardekkina bo'lib ko'rinib turibdi! YAna bir achchiq terga botib shu ko'lga borgani bo'lsin! Baribir, jismi tozalanmay turib ko'ngli ravshan tortmaydi. Ona qishloqqa õira ko'ngil bilan kirib borishning esa, õosiyati yo'q! Binobarin, umidi ana o'sha ajdahoning og'zidagi gavhardan!..
Davomi bor.
Mundarija
I qism. (I-X boblar) Kenja Botir qissasi...................................................8
II qism. (XI-XV boblar) Sobir qovunchi qissasi....................................89
III qism. (XVI-XX boblar) Qodir uchar qissasi....................................133
IV qism. (XXI-XXIV boblar) Kenja Botir qissasidan hissa................193
Asar yakuni............................................................................................235
Asar 1994 yilda Alp Jamol mukofotiga sazovor bo'lgan. Asar kitob shaklida 2009 yilda nashr etilgan. Asarni to'liq holda 2009 yil chop etilgan "Tilsim (Turkiston dostoni)" deb nomlangan kitobdan o'qishingiz mumkin. Bu kitob Toshkent shahridagi "Sharq ziyokori" do'konida sotilmoqda. Kitob narxi: 6900 so'm. Mazkur do'kon telefon raqami: 233-35-90.