Muallif: Rahimjon Otaev (Otauli)
Forobiy boboga ta'zim
Otauli (Rahimjon Otaev)ning "Ulus (Forobiyning do'sti) nomli asari buyuk bobokalonimiz Abu Nasr Forobiy haqida, bilishimcha, o'zbek nasridagi dastlabki urinishlardir. Men Otaulini izlanuvchan nosir, zahmatkash munaqqid va yaoshi tarjimon sifatida ancha yillardan buyon bilaman. Oususan, "Tilsim (Turkiston dostoni) va "Afandi o'lmaydigan bo'ldi" asari bilan tanishman. Nazarimda, u "Ulus" deb nomlangan bu asarida o'zining ijodiy izlanishlarini izchil davom ettirib, Abu Nasr Forobiyning insoniy qismati, o'ta murakkab maunaviy-ruhiy olami, keng dunyoqarashini jonli va ta'sirchan yorita olgan. Ayniqsa, ulug' allomamizning qudratli turkiy hukmdorlardan biri, qoraooniylar saltanatining asoschisi Bug'rooon bilan el-ulusning hayot-mamoti hususidagi qizg'in suhbati tasvirlangan sahifalar, aminmanki, o'quvchini loqayd qoldirmaydi.
Odatda yaoshi asarda jiddiy o'ylashga undaydigan, shartli va hatto bahsli jihatlar bo'lishi tabiiydir. "Ulus" asari ham bu jihatlardan holi emas. Muhimi - qirq sahifa hajmidagi bu iochamgina asar sizni ming yillik olis tarioimiz qa'riga boshlab kirib, buyuk bobokalonlarimizdan birining ko'ngil bisoti, orzu-armonlari bilan yaqindan tanishtira oladi, deb o'ylayman.
Shu holni alohida taukidlashni istardimki, mazkur asarning yaratilishi ham, yorug'lik ko'rishi ham, asarda qalamga olingan tarioiy muammolarning ayni badiiyyechimi ham O'zbekiston davlat mustaqilligining sharofati, deb bilaman. O'zbek halqi o'zining jahoniy mavqeini qayta tiklab, alpomishona bo'y-bastini qayta rostlab kelayotgan shu yorug' kunlardan birida boshqa buyuk ajdodlarimiz qatorida Forobiy bobomizga ham tauzim bajo keltirishimiz ayni muddaodir.
ABDULLA ORIPOV,
O'zbekiston Qahramoni
U L U S
FOROBIYNING DO'STI
Bu ulusta ko'pni ko'rduk, vale ey o'zbekim,
Dilrabolikta o'zingtek sho'xira'no ko'rmaduk
OTOYI
Hijriy 311 - melodiy 933 yilning yozi yozga o'xshamadi. Navro'z kunlarida Bog'doddan yo'lga chiqqan karvon Xalafga yetmay qorbo'ron ostida qoldi. Ko'klamning oxirlarida Jay va Isfaxon uni do'l bilan qarshi oldi. Yozning o'rtalarida Buxoroyi sharifda kechgan uch kun badalida xuddi kuz chog'laridagidek muttasil shivalab yoqqan yomg'ir karvon ahlining yurak-bag'rini ham ezib, xun qilib yuborgandek bo'ldi. Mana, yozning so'nggi kunida xufton chog'ida Samarqand darvozasidan qadimiy Shosh qal'asiga kirib kelganida ko'ngillarni ham xufton qilib yana yomg'ir boshlangan edi. Karvon Chorsuga yetib kelganida yomg'ir kuchayib, jalaga aylandi. Osmonning tagi ochilib, to'fon qo'pdimi, nima balo! Oq yomg'ir bo'lib oq yomg'ir emas, qora quyun bo'lib qora quyun! Karvonning boshi Chorsudan chapga burilib, O'tror darvozasi tomon yo'l tutar ekan, undan jala ostida qunishib-junjikkan uch piyoda ajralib chiqdi: oldinda - oltmishdan oshib, novcha qaddi anchagina bukchaya boshlagan qariya, o'rtada - qirchillama qirq yoshlardagi o'rta yashar odam, uning ortida quyundek o'ynoqlagan yigirma yoshlardagi rasida o'spirin.
O'rtaliqdagi odam yuzini jaladan pana qilib olgan ko'yi oldinga ko'z tikib, qariyaga so'z qotdi:
- Bu qanday bo'ldi, ustoz, poyqadamimiz qal'aga xush kelmadimi deyman? Yo biz bilan yig'lab ko'rishmoqchimi?.
Qariya pinak buzmay olg'a intilar ekan, shogirdiga tanbeh berdi:
- Noshukurlik qilmang, Said Ali, bo'tam! Xudoning obi rahmati-ku bu! Bu ne'matdan bebahralar qancha!
O'spirin qadamini jadallatib, o'rtadagi odam bilan baravar odimladi:
- Shundayku-ya, o'zingiz "asalning ozi shirin" deganingizdek... biz baliqmidikki, bu jalada yayrasak!..
Qariya qiyalab ortiga qaradi:
- Sabr qiling, Nasriddin, o'g'lim! Qirqiga chidagan, bu yog'iga ham chidang! Manovi muyulishda qirq bir yil avval Buxoroyi sharifda birga tahsil ko'rgan qadrdonim turguchi edi. Nasib etsa, shu xonadonda butun ko'rgan-kechirganlarimiz unutilg'ay!
Qariya shitob bilan kelib taqillatgan naqshinkor darvozani bir qo'lida shamsiya, bir qo'lida fonus ko'targan o'ttiz yoshlardagi odam ochdi. Fonusning xira yorug'ida qariyaning suv yuvgan qoyadek mustahkam, paydor yuzlariyu o'tdek chaqnagan ko'zlarida taraddudlanish zuhur ko'rsatdi:
- Qadrdonim Muhammadning qutlug' xonadonimi bu, bo'tam?
Fonus ko'targan odam bosh irg'adi:
- Shundoq, taqsir. U kishi mening padari buzrukvorim bo'ladilar.
- Janoblari uydamilar?
- Shundoq, taqsir... qani, marhamat qilsinlar...
Mehmonxonada ustiga kimxob to'n kiyib, boshiga simobiy salla o'ragan cho'qqi soqol qariya ularga peshvoz chiqdi. Ikki chol yuzma-yuz kelgach, bir-birlariga tikilganlaricha andak jim qoldilar. Nihoyat, jimlikni mehmon buzdi:
- Taqsirim, faqirni tanimayroq turibdilarmi deyman-a?
Mezbonning balog'at yoshidagi gulgun chehradek silliq va lo'ppi yuzida jonlanish alomatlari ko'rindi:
- Bo'ldi-bo'ldi, endi - ovozingizdan tanidim! Muhammad ibn Muhammad al Forobiy at Turkiy! Vodarig', ko'zlarimga ishonmayapman! SHomi g'aribonda g'aribona kulbamizga Bog'doddek joydan qandoq kelib qoldilar? Tushimmi-o'ngimmi?! Qani, bir ko'rishaylik! - Mezbon shunday deya quchoq ochdi: - Sizdek allomai zamonni bu tomonlarga qanday shamol uchirdi, do'stim?!
Mehmon uzr so'ragandek qo'l qovushtirdi:
- Yurtim shamoli... Biroq ko'rib turibsiz, ust-boshim jiqqa ho'l!
Mezbon hamsuhbatining yupungina ust-boshini endi ko'rayotgandek bir muddat taraddudlanib, qulochini yig'di-da, jussasiga yarashiqsiz viqor bilan qo'l cho'zdi:
- U holda qo'l berib ko'rishaylik! Xush ko'rdik. Qadamlariga hasonot!
- Xushvaqt bo'ling, do'sti aziz!
Xonadon sohibi boshqa mehmonlar bilan ham bir sidra qo'l olib ko'rishgach, ularni to'rdagi xontaxta atrofiga taklif qildi. Duoyi fotihadan so'ng taomildagi hol-ahvol so'rashuvlar asnosida mehmonlar ho'l ustki kiyimarini yechib, mezbon bitta-bitta tarqatib chiqqan oppoq sochiqqa artinar ekanlar, o'spirin sho'xchan kuldi:
- O'ziyam hovuzga tushib ketgan tovuqdek junjikdig-e! Quruqlik deganlariyam bor ekan-a! Aylanayin o'zimning qurug'imdan-a!
Mezbon bu gaplarni siporishmi-quloq qoqish deb tushundi chog'i, sipolik bilan o'rnidan turib dedi:
- Faqat qurug'i emas, qaynog'i, jazilab tugani, bozillab turgani - hamma-hammasi bor bu uyda. Qutlug' uydan quruq ketmaysizlar, buyog'idan xotirjam bo'lavering!.. Qani, bahuzur dam olib turingiz!.. - Shunday deya, uy egasi ularni holi qoldirdi. Ko'p o'tmay mehmonxonada avval mulozim-xizmatkorlar, keyin noz-ne'matlar, nihoyat, anvoyi qadahlar-u gulgun sharoblar aylandi. Sharobdan emas, yo'q, takalluf-iltifotlardan bosh ham aylandi. Charchoqlar chiqdi, oyoqlar chigili yechildi, lekin til tuguni yechilib, dil sandig'i ochilmadi. Tan yayradi, biroq jon huzur-halovat topib, dil orom-farog'at tuymadi. Nihoyat, mehmonlarning kattasi "Yaxshi o'tiribsizlarmi?" deya ko'ngil so'rab kirgan o'g'ilni savolga tutdi:
- Otangiz ko'rinmaydilar?
Mezbon sipo qarash qilib, tavoze bilan qo'l qovushtirdi:
- Uzr, otam safarga otlanib... Chaqiraymi, taqsir?
- Agar malol kelmasa?
Bir muddat o'tib xonadon sohibi Muhammad Do'st viqor bilan yurib kirdi-da, dasturxon to'rida bukchayib o'tirgan qariyaning ro'parasiga yonboshladi:
- Shunday qilib, "yurtim shamoli" deng-a, do'stim? Bu yurtning shamoli juda yomon! Dam Qo'qon shamoli, dam qibla shamoli. Shamol emas, naq dovul deysiz! Uchirsayam qattiq uchiradi!
Uchiriq mehmonga malol keldi shekilli, allanechuk shikasta ovozda o'zini oqlayotgandek dedi:
- Ha, endi, o'z yurtimizning shamoli ekan!
Mezbon gap ohangini o'zgartirdi:
- Buxorolar omonmi?
- Omon.
- Biz tahsil ko'rgan madrasa joyida turibdimi? Joyida.
- Bog'dodda nima gaplar bor?
- Bog'dodda tinchlik.
Mezbon bir muddat jim qolib, mehmonning ko'zlariga sinovchan tikildi. Qariya bu ko'zlarda bir afsus-nadomat, bir iddaoni uqqandek bo'ldi: "Sen unding, men esa hanuz tuproqman!" O'zini yanada noqulay sezib qisinib-qimtinganicha unsizgina javob qildi: "Ko'rib turibsan-ku, men oddiy odam. Yo'q, do'stim, men sendan bechoraroqman!" Javobdan mezbonning ko'ngli to'ldi, shekilli, asliga qaytib, mehmonlarga teparoqdan yalpi nazar tashladi:
- Endi, do'stim, sizlar yo'l yurib charchagandirsizlar, bahuzur dam olib turingizlar... Men... ochig'ini aytsam, shahar hokimi ertaga o'zining payg'ambar yoshi bilan nevarasining sunnat to'yini qo'shib qilmoqchi. Shunga bugun kechqurun shaharning kazo-kazolarini maslahat oshiga chaqirtirgan. Birrov ko'rinish bermasam bo'lmas? Balki birga borarmiz, a, do'stim? Ne-ne mozorlarni bosib, ko'pni ko'rib kelgansiz?.
Qariya qaddini andak rostlab, ming yillik qoyadek sovuqqina qaqqaydi:
- Endi-i, kaminai kamtarin bir g'aribgina olim, buning ustiga, musofir bo'lsam. Tag'in kimsan shahar hokimiga chaqirilmagan mehmon bo'lib borsam... Ko'rgan ko'zgayam, eshitgan quloqqayam ma'qul kelmas. Siz bemalol boravering, do'stim, bizni deb ko'p aziyat chekmang!..
Mezbon o'rnidan yengil qo'zg'oldi:
- U holda sizlar bahuzur damolib turingizlar. Mana, uy-joy, mana, osh-choy, mana, xizmatkor-mulozimlar!..
Uchovlon holi qolishgach, qariya hamrohlariga sinovchan tikildi:
- Men sizlarga aytsam, bu xonadonda ham safarimiz qarishga yuz tutdi, birodari azizlar. Endi uy egasi ketganidan keyin... biz ham ko'payishamiz!
Said Ali ustoziga ajablanib qaradi:
- Tashqarida jala, zimiston... Qirq yillik qadrdoningizning yorug' xonadonini tark etib, tag'in qayoqqa, ustoz?.. Isfahondan chiqib, Balxda, Xirotda, Termiz bilan Nasafda, hatto Buxoroyi sharifda ko'rgan-kechirganlarimizni bir naavi tushungandekman, biroq... uy egasining sa'y-harakatlarini ham, sizning bu gaplaringizni ham tushunmay qoldim-ku, ustoz?..
Qariya achchiq kuldi:
- Sizning Arabistoningiz va yo Arastu hazratlarining Yunonistoni emas, "Turkiston" deydilar buni, Said Ali, bo'tam! Bu ulusning fe'lini payg'ambar yoshiga kirib, ko'ra-ko'ra ko'sa bo'lgan kamina tushunmayman-u, siz qayoqdan tushunasiz?! Qari qizning ko'ngli nozik deganlaridek, turkistonlikning ko'ngli shu qadar nozikki, unga bitta gap kamlik, ikkita gap ko'plik qiladi. Nima bo'lganda ham Yaratganning dargohi manovi dang'illama uydan kengroq!..
Shogird bilan o'g'il qariyaning irodasiga bo'ysinib, uchovlon mehmonxonani tark etar ekanlar, o'g'il dasturxon ustida bir parcha qog'ozga otasi yozib qoldirgan ikki satrga beixtiyor ko'z tashladi: "Qornimga emas, qadrimga yig'layman. Diydor g'animat edi-ku, ey do'st!"
Tashqariga chiqib, sharros quyayotgan yomg'ir ostida tag'in yo'l yurar ekanlar, qariya o'zining ko'nglidek tund osmonga ko'z tikdi: "Kundan kunga fe'li injiq, ta'bi nozik bo'lib ketayotgan gunohkor bandangni o'zing kechir, xudovandi karim! Manovi arab shogirdim bilan yolg'iz o'g'limga behalovat ko'nglimning ko'cha-ko'ylari-yu beqiyos ulusning fe'l-atvorini qanday tushuntiray? Muhammad Do'st endi Muhammad Do'st emas, hatto sening bandang emas, dunyoga dil bergan nafs bandasi ekanini bularga qanday anglatay?! Qirq yillik qadrdonining aftodahol, o'zining olifta ust-boshini deb yozgan qulochini qayta yig'ishtirgan do'st... do'stmi, o'zing ayt, Parvardigori Olam?! Bu foniy dunyo moli sabab Muhammad ummatiga do'st bo'lolmagan ojiz bandang Payg'ambari Akramga va yo O'zingga Haq Do'st bo'la oladimi, yo Alloh?!." Qirq besh yilcha avval Buxoroyi sharifda tahsil ko'rib boshlaganlarida uch do'st - "uch Muhammad"dan biri, ajalidan besh kun burun o'lib ketgan otashnafas shoir adashi Muhammad Yorning bir she'ri xayolida quyundek aylandi:
Do'st qaydadur, do'st qayda, Haq do'st, yo Alloh!
Kundamidur yo oyda, Haq do'st, yo Alloh!
Ostonangga bosh uray, Haq do'st, yo Alloh!
Do'st bormikin bu joyda, Haq do'st, yo Alloh!
"Bu olamda ostonalar ko'p, demakki, do'stlar ham ko'p! Faqat astoydil qidirish va topish kerak! - deb o'yladi o'zicha Abu Nasr Muhammad.- Yo'qotsa yo'qotar. Yo'qolsa sadqai sar! Lekin topadi ham! Izlay-izlay Makkani topgan odam... bu azim Turkistonda... bir do'sti sodiq topolmaydimi?!"
Abu Nasr Muhammadning xayolini o'g'li Nasriddinning bir savoli, to'g'rirog'i, shartakilarcha tagi zil hazili buzdi:
- Endi butun kecha sharros yomg'ir ostida sayrmi tag'in, ota?! - "O-o, besabr bolam-a, besabr bolam! Yurakni kengroq qilsang, ota yurtda ko'chada qolmasmiz, axir! Bu chars fe'ling bilan otaning ham, ota yurtning ham ahvol-ruhiyasini teranroq his qilib, to'g'ri tushuna olarmikansan, qaydam !.." O'g'lining holiga qarab turib rahmi keldi. Shogirdining holiga ham achinib ko'z yugurtirdi. Duch kelgan bir ko'rimsizgina eshik zulfini kuch bilan qoqdi. Ko'p o'tmay ichkaridan barala hayqiriq eshitildi:
- Kim u ochiq eshikning turumini buzayotgan?!
- Atoyi xudo mehmonlar!
Eshik ichkaridan lang ochilib, yalang oyoqlariga chipta kovush kiygan ellik yoshlardagi yalangbosh-yalangto'sh odam bo'y ko'rsatdi:
- Assalomu alayko'-o'm! Qadamlariga hasonot! Atoyi xudo mehmonlar ochiq eshikdan bemalol kiraveradi-da, taqsirlar! Qani, marhamat qilsinlar!
To'rtovlon shinamgina xona o'rtasidagi sandalning to'rt tomonida qo'nim topdilar. Duoyi fotiha qildilar. Hol-ahvol so'rashdilar. So'ngra uy egasi yozilib gap boshladi:
- Buni qarang-a, buni qarang! Xudo beraman desa beraverar ekan! Endigina quling o'rgilsin qaynatma sho'rvani - dasturxonga qo'yib, "Qani endi til tilga tushib, suhbati jonon quradigan bir dilkash gurungdosh ham bo'lsa!" deb turganimda, xudoyimdan aylanay, biryo'la uchta atoyi xudo mehmonni yetkazsa-ya! Bunisiga nima deysiz! Qani, azizlarim, topgan-tutganlarim ham, ko'nglimiz ham, foniy dunyoning butun mol-mulki ham o'rtamizda. Bir mayizni qirq kishi bo'lishganida to'rtovlon chor darvishdek to'rt qutbni o'rtada baham ko'rolomaymizmi?!.
Uy egasi kutilganidan ortiq dilidagisi - tilida dilkash suhbatdosh chiqib qoldi. Qo'li qo'liga tegmay iltifot ko'rsatar ekan, labi labiga tegmay gapni gapga uladi:
- Endi, azizlarim, meni ma'zur tutadilar, avvaliga o'zimni tanitay. Anovi Ko'kaldosh madrasasida Hasan Yo'ldosh otlig', Hasan Kayfiy laqablig' mudarris bo'lganimdan keyin, kundalik tirikchiligim asosan javrash bilan o'tadi. Men sizlarga aytsam, kaminaning eng ko'p ishlatiladigan a'zolari til bilan jag'. Ammo-lekin tili tilimga tushadigan odamni topsam, may ichmasam ham, burunni burunga ishqab quriladigan suhbati jonondan kayf qilaman - Hasan Kayfiyman-da!
Said Ali bir ustozi Abu Nasr Muhammadga, bir ustozining o'g'li Nasriddinga zimdan ko'z yugurtirib, ma'noli kuldi:
- Jonon suhbatga suyagingiz yo'q ekan, bu yog'i madrasada mudarris ekansiz, nega shahar hokimining maslahat oshiga bormay yolg'iz o'tiribsiz, akaginam? Siz shaharning kazo-kazolaridan emasmisiz yo?..
Mezbon qiyqirib kuldi:
- E-e, yash-shang, mehmon! Siz ham o'zimizdan chiqib qoldingiz-ku! Qochirimni tagdor qilib olar ekansiz! Lekin hamma narsaga yetgan aqlingiz manovi tilim bilan jag'imning kuchiga yetmaydi-da! Mening tilim shunday dahshatki, yuzingda ko'zing bormi demay haq so'zni aytib boshliganida... odam bolasi chidayolmay qoladi. Har qanday to'yni azaga aylantirib yuboradi. Ba'zida o'zim chidayolmayman-u, insof bilan ayting, shahar hokimi qayoqdan chidasin bu tilga?! Ko'ramiz hali, o'zlari qachongacha chidar ekanlar
Said Ali endi Nasriddinga ma'noli qaradi:
- Shu odamning etagini mahkam tutmaysanmi, mulla Nasriddin, inim? "Nasriddin afandiman" deb yurganingda senga utsozlikka yarasa shu odam yaraydi. Nima deding?
Nasriddin bir Said Aliga, bir Hasan Kayfiyga tavoze, ayni chog'da, istehzo bilan qaradi:
- Mayli-yu, biroq... Isfahon bilan Buxorodagi ne-ne afandilar men tushgan qochirim maydonida bir cho'qishda qochib ketganini o'zingiz ko'rdingiz. Qaydam, bu akamning bir cho'qishlik holi bormi-yo'qmi!..
Abu Nasr Muhammad avval o'g'liga tahdidli qarash qilib, unga otalarcha tanbeh berdi:
- O'pkangizni bosibroq oling, ulim! "Abu Nasrman" deb faxrlanib yurganimda ixlosimni qaytarmang. O'zingizni er bilsangiz o'zgalarni sher biling! "Isfahon" emas, "Turkiston" deb qo'yibdilar buni! Bu yurtda har bir lafzi lutfga teng shunaqangi tili o'tkirlar borki, ularning qoshida siz tugul otangiz ham lom-mim deyolmay qoladi. - So'ngra uy egasiga sinovchan tikilib so'radi: - Madrasada qay ilmdan saboq beradilar, inim?
- Mantiq ilmidan.
- Qay kitoblar asosida?
- Ar Roziy, Al Kindiy, Al Forobiy risolalari, taqsir...
- Yunon, Hind va Chin ilmidan bexabarmilar?
- Afsus, taqsir... Endi biz... nihoyati bir chalasavod mudarris bo'lsak, muallimi soniy Al Forobiy hazratlarimidikki, jahonning to'qsonta tilida bemalol o'qib-yozaversak...
Nasriddin yalt etib otasiga qaradi. Said Ali qad rostlab, nimadir demoqchidek og'iz juftladi. Abu Nasr Muhammadda suhbatni davom ettirishga ishtiyoq qolmadi. Olti oydan buyon u yoki bu tarzda takrorlanayotgan gaplar, qo'yib bersa, shu topda tag'in aylanishga tushadi: "Siz o'sha kishini taniysizmi?" "Yo'q" "Ro'parangizda o'tiribdi-ku" "Yo'g'-e! Buni qarang-a, buni qarang! Tanimasni siylamas deganlar. Tanimagandan keyin..." Xullas, uzrxohliklar, hamdu sanolar, hayratu taajjublar, havasu hasadlar... Mashhuri jahon bo'la turib Muhammadi mustafoga chin ummat bo'lish... o, naqadar mushkul ish ekan!.. Shogirdi bilan o'g'liga "jim" degan ma'noda jiddiy qarash qilib, mezbonga yuzlandi:
- Endi-i, inim, sizning yoshingiz nisbatan ulug'roq ko'rinadi. Dil chigilini shu ikki iningiz bilan bahuzur yozaversangiz. Biz chollar biron xilvatroq joyda til bilan dilning emas, oyoqning chigilini yozganimiz ma'quldir. Nima dedingiz?
Mezbon qo'lini ko'ksiga qovushtirdi:
- Bosh ustiga, taqsir. Atoyi xudoning amri vojib...
Abu Nasr Muhammad bejirim tahmon-u tekchalar bilan tuzalgan turkona xonaga kirib, yumshoq to'shakka cho'zilar ekan, o'zini ellik yil avval Forobdagi uyida - o'lan to'shagida bahuzur yotgan bolakaydek sezdi. Xudoga shukur, mana, ota yurtga safarning ko'pi ketib ozi qoldi. Qo'l uzatsa yetguldik joyda bolaligi kechgan qadrdon Forob, qadrdon O'tror! Buyog'i - odatdagidek safar taassurotlarini xotirasida bemalol jamlashning eng maqbul imkoniyati, o'z uyingda yotgandek bamaylixotir yotib o'y o'ylash baxtini aytmaysizmi! Shogirdi bilan yolg'iz o'g'liga turkiy ulus - ota yurtni tanishtirishni esa, buguncha anovi sergap - mahmadana Hasan Kayfiyga ishonib topshirsa bo'ladi. Uning tili, darhaqiqat, isfahoniy qilich damidan o'tkirroq ko'rinadi...
Ko'z oldida umrini ot ustida o'tkazib, qo'lida qilichni ko'zboylag'ichning tayoqchasidek chaqqon o'ynatib yashagan jannatmakon padari buzrukvori Amir Muhammad Tarxon bor bo'yi bilan gavdalandi. Otasining pand-nasihatlari quloqlari ostida qayta yangragandek bo'ldi: "SHuni unutmangki, ulim, biz Turk Otaning "O'z!" degan bir so'ziga "Xo'p bo'ladi, otajon!" deya javob qilib, jahoniy poygada hamisha o'zib yashagan o'zganmiz, o'zlug'miz, o'zbekmiz, o'zakmiz, o'zmiz!.. Siz O'zlug'ning abirasi, Tarxonning nabirasisiz! Inchunin, bu uzun dastingizga qalam emas, qilich yarashg'ay, o'g'lim! Sohibqiron Muhammadi Mustafoning ummati, Amir Muhammad O'zlug'ning zuryodi bo'lganingizdan keyin... qalamni qo'yib, ilkingizga qilich tuting, o'g'lim! Qog'oz-qalamga o'ralashgan holda kuymalanib umr o'tkazish sizga yarashmag'ay. Bu yorug' olamda qilichning damidin o'tkirroq nimarsa yo'q, men sizga aytsam!.." O'sha paytlar, anovi yolg'iz o'g'lidan ham yosh, lekin chandon qysar u bo'lsa... har gal padari buzrukvoriga o'zicha aql o'rgatdi: "Yo'q, ota, siz bilmaysiz! Qilichdan - qalam, qalamdan - til, tildan - aql o'tkirroqdur!"
Mana, ellik yildirki, shu uch o'tkir qurolni otasi dastida tutgan qilichdan ham epchilroq o'ynatishga jon-jahdi bilan intilib yashadi. Qalamga ham, tilga ham, aqlga ham zo'r berdi. Mana, payg'ambar yoshini qoralab turibdi. Lekin hali-xanuz bilolmaydi: otasi haqlimi yo o'zi?!. Janobi Haq kimga Do'st, yo Alloh?! Payg'ambar yoshida padari buzrukvori qabrini ziyorat qilib, suyukli shogirdi bilan yolg'iz o'g'lini ham ziyorat qildirib, shoyadki naq yarim asrlik savollariga tayinli bir davob topa olsa! SHoyadki bu behalovat ko'nglida taskin-tasalli tuya olsa!..
Abu Nasr Muhammad nimasi bilandir o'zi tug'ilib voyaga yetgan qutlug' xonadonni eslatuvchi shinamgina xonada yostiqqa yonboshlab "oyoq chigilini yozar" ekan, ellik yil mobaynida ko'rgan-boqqanlari oinai Iskandardek mo''jizaviy xayol ko'zgusida bir-birlariga ayqashib-uyqashganicha qayta jonlandi: mana, o'n to'rt yashar o'spirin ilk muhabbati Oygulni otamakoni Forobda qoldirib, Buxoroi sharifga o'qishga otlanmoqda. Mana, "uch Muhammad" do'stlar, madrasa hujralaridan birida ilm istab kechani kunduzga ulamoqdalar. Mana, otashnafas shoir Muhammad Yor atrofini qurshagan olomonga qarab hayqirgancha she'r o'qimoqda:
Men Haqqa do'st Muhammadman,
Bekami ko'st Muhammadman!
Ko'rolmagan mor-ilonlar,
Tashlangiz po'st - Muhammadman!
* * *
Osmon to'la yulduzlar, qani mening yulduzim?
So'ngsiz kecha, ko'r ko'zlar, qani mening kunduzim?!
O'n sakkiz ming olamni yaratgan - sen, yo Olloh,
Bir olamga sig'magan bandangga bergil to'zim...
* * *
Dilrabosiz bu ulusda bo'ldim-ku be-dil,
Ikki chashmim biri - Jayhun, birisi - E-dil.
Huvillagan yurak-bag'rim qay toshga uray,
Fanoni deb baqodin yuz burmag'il, o, dil!..
Mana, madrasa ahli Muhammad Yorni o'taketgan shakkoklig-u dahriylikda ayblab yomonotliq qilmoqdalar. Mana, kuni kecha Muhammad Yorni Yor emas, dorning diydoriga yetkazib "tinch topgan" shoirbachchalar endi biri olib-biri qo'yib she'r o'qimoqdalar:
Men Haqqa do'st Muhammadman,
Bekami ko'st Muhammadman!..
Mana, o'zi qadrdon adashlaridan biri Muhammad Do'stning da'vat-daldasi bilan bu shoirbachchalarga qarshi nutq irod qilmoqda: "Yo'q, senlar Muhammad emas, Muhammad Yorning qotilisanlar! Haqning jamolini ko'rolmaydigan hasadgo'ysanlar! Nari borsa devdek bir dumalab "Muhammad"ga aylangan oddiygina Mamajonsan, Mamatsan, Mamado'stsan, Mamasharifsan, Mamasolisan, Mamadalisan, Mamarayimsan!.." Mana, ikkovlon Buxoroni tark etib, to'g'rirog'i, Haq So'zning zalvorini ko'tarolmaydigan bandai ojizlarning taz'iyqu ta'qiblaridan qochib, SHoshga kelgach, Muhammad Do'st o'z xonadonida quyuq ziyofat berib, tasanno-olqishlar ("olkishlar" emas!) oqimini uning bosh ustidan seldek yog'dirmoqda: "Yashang, do'stim! Nechog'li og'ir bo'lmasin, Haqni o'z yo'lida qaror toptirish uchun Haq So'zingizni tap tortmay aytdingizmi, demak, siz ham chinakam Muhammad Do'stsiz - Do'stmuhammadsiz!.." Mana, qadrdoni Muhammad Do'st uni Bog'dodga tilak bilan kuzatmoqda: "Oy borib omon qayting, do'stim! Olganingiz - oltin, tutganingiz - tillo bo'lsin! Oling-u oldirmang, o'zingiz o'zing-u o'zgalarni o'zdirmang!.."
Ko'z oldida namoyon bo'lgan so'nggi manazaralardan Abu Nasr Muhammadning ensasi qotdi. Bugun aniq-ravshan ma'lum bo'ldiki, Muhammad Do'st ham chinakam Muhammad Do'st emas, xom sut emgan bandai ojiz, o'taketgan mayda kimsalardan biri ekan, xalos. Bas, mayda kimsalarni qo'ya turib, bu jahon ayvonida ko'zga ko'ringulik Yirik Shaxslarni o'ylagani ma'qulroq emasmi? Bashariyat, ulus, hatto har bir odamning taqdiri avvalo ana o'sha Yirik Shaxslarning sa'y harakatlari-yu fe'l -atvorlariga bog'liq-ku,axir!
Abu Nasr Muhammadning ko'z oldida endi jannatmakon ustozlari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Ahmad Marvaziy, Abbos Javhariylarning nurli siymolari namoyon bo'ldi. Ar Roziy, Al Kindiy, Luqmoni Hakim, Ustodi Avval - Arastu, u kishining ustodi Aflotun va u kishining ham ustodi Suqroti Hakim, qo'ying-chi, jamiki ustodlarining qiyofalarini o'zicha tasavvur qildi. Kimsan Suqroti Hakimni o'ldirgan olomonning bosh ustidagi SHaytoni Lain... nahot odam bolasiga hamisha hamroh, nainki hamroh, Muhammadi Mustafoga chin ummat bo'lish azmidagi Komil Insonlarning kushandasi bo'laversa?! Kushandaliklar, padarkushliklar, xunrezliklarning nihoyasi bormi sira, o'zing ayt, Xudovandi Karim?! Qutb Yulduzi - Oltin Qoziqdek Sarvari Olamni yaratgan O'zing... Yetti Qaroqchidek kushandalarning ayiq polvonlarcha soxta mehribonliklarini, Komil Insonlarni o'pqondek o'z komiga tortib yashaydigan Qora tuynuklarning qora qilmishlarini nahot ko'rmasang-bilmasang, qorong'u kechalarda qora tosh ustida o'rmalab ketayotgan qop-qora qumursqaning sa'y-harakatidan ham Voqif va Ogoh, Mehribon va Rahmdil Olloh?!.
Eshik ohista chertilib, Abu Nasr Muhammadning xayollari bo'lindi.
- Keling!..
Qiya ochilgan eshikdan xonadon sohibi bo'y ko'rsatib qo'l qovushtirdi.
- Keling, Hasan Kayfiy, inim, tortinmay kiravering, o'z uyingiz...
- Men gumrohni ma'zur tutgaylar, hazratim... Shu topda oromingizni buzishga majburman. Tashqarida qadrdoningiz Muhammad Do'st bilan hokim janoblarining o'rinbosarlari amringizga muntazir, bir og'iz so'zingizga ilhaq...
- Sabab?..
- Sabab shulkim, hokim janoblari Sizni yo'qlabdilar...
Abu Nasr Muhammad, xuddi xonada havo yetishmayotgandek bo'g'ilib, chuqur so'lish olgach, sovuqqina so'radi:
- Muhammad Do'st sizning qutlug' xonadoningizda qo'nim topganimizni qayoqdan bila qolibdi?
- So'rasam, "Karnaychining uyiga - karnaychi, surnaychining uyiga - surnaychi keladi" deya o'ylab, to'ppa-to'g'ri shu yerga kelaverdim deydi do'stingiz,ustoz...
- Endi nima qilsak ekan-a?..
- Hokim janoblarining o'rinbosarlariga nima dey, taqsir?..
- O'zining nochor ahvoli, ustiga ustak, maslahat so'ragan kishisining noshudlarcha savolidan xunobi oshdi. Shunda ham shaytonga hay berib, ko'nglidan kechgan fikrni imkon qadar silliqroq tilga ko'chirdi:
- Faqirning hokim janoblarida ishim yo'qdur. Basharti hokim janoblarining faqirda ishi bo'lsa, marhamat, bosh ustiga...
- "Tili o'tkir - o'taketgan haqgo'y Hasan Kayfiy kuzgi yaproqdek titrab-qaltirab so'radi:
- Tushunmadim, taqsir, hali siz demoqchisizki?..
Xonadon sohibining avzoyini ko'rib, savolining mag'zini chaqib, Abu Nasr Muhammadning kulgisi qistadi. "Fozil shaharning oqil rahbari "shahardagi komil insonlarni obdon tavbasiga tayantirgan ko'rinadi-ku! O'taketgan haqgo'yiningki, ahvoli shu bo'lsa, uyoqda tilyog'lama yaloqxo'rlar ignaning teshigidan o'tishga urinayotgan tuyadek qanchalik eshilib-buralayotgan ekanlar?!. O'rnidan yengil qo'zg'ola turib, beixtiyor kuldi:
- Tushunmaganingiz ham ma'qul, inim! "Fozil shahar hokimining oqilona va odilona amriga itoat etmoq shahardagi har bir komil inson, hattoki har bir muhojir va musofirning muqaddas burchidur". Bu gapim tushunarli bo'lsa kerak?..
- Ular boshlashib, to'g'ri, Muhammad Do'stning tanobiy xonasidan chog'roq , lekin o'ziga yarasha kattagina mehmonxonaga chiqib borganlarida butun jamoa shitob bilan oyoqqa qalqdi. Muhammad Do'st esa, pildirab kelib poyiga bosh urdi:
- Bandai ojizni ma'zur tutg'aylar, aqlsizlik qilibman. Janoblarini tanib turib siylamabman, ko'ngillariga qaramabman, men osiy, men gumroh, men nodon!..
- Hoynahoy bu dil qa'ridan chiqmagan, nihoyati hokimning buyrug'iga binoan nochor-noiloj til uchida aytilayotgan gaplardan asli qattiq diydasi yumshash o'rniga battar qotdi. Muhammad Do'stni qo'ltig'idan ko'tarib o'rnidan turg'azdi:
- Qo'ying, do'stim, odamni xijolat qilmang, do'st do'stning oyog'iga bosh urishi... do'stlikdan bo'lmas! - So'ng hokim o'rinbosari bilan ko'rishib, unga o'ktam qarash qildi: - Sharros yomg'ir ostida, kech qorong'usida hokim janoblarini bezovta qilish... Sharqona odobdan bo'larmi ekan? Balki tongga qadar sabr qilganimiz ma'qulroqdir?..
Hokim o'rinbosari xo'jasidan luqma kutgan laychadek yaltoqlandi:
- Xotirjam bo'ling, taqsir, sizdek allomai zamonning yo'llariga soyabonli maxofa ham, hokim janoblari ham muntazir. Aksincha, u kishini ilhaq qilish sharqona odobdan bo'lmasa kerak?..
Aftidan, soxta takalluflarga o'rab-chirmalgan so'zlarni masxarabozning to'pidek otib o'ynashga endi zarurat yo'q! Maslahat, talab, buyruq, boringki, Farmoni Oliy shunday: Said Ali bilan Nasriddin xohlasalar - Hasan Kayfiyning, xohlasalar - Muhammad Do'stning xonadonida tongga qadar hordiq chiqaradilar va tong-saharda hokim janoblarining huzurlariga yetib boradilar. Ularga shaxsan Muhammad Do'st janoblari xizmatda bo'ladilar. Allomai zamon esa , jadal ravishda o'z poyqadami bilan hokim janoblarining serfayz xonadonlarini obod, dono maslahatlari bilan munavvar ko'ngillarini nurafshon qiladi. Tamom, boshqa gapga o'rin yo'q!..
Bog'dod xalifasi bo'lmasa-da, har qalay, o'ztamiyona turk sultoniga yetgulik as'asa-dabdaba bilan hokim huzuriga yo'l olar ekan, Abu Nasr Muhammadning aqli shoshdi. Yo falak! Bu ne ko'rgilik bo'ldi tag'in?! Anovi mahmadana Hasan Kayfiyning faqirona kulbasida o'z uyidagidek huzur-halovat tuyib, ko'ngli endigina osoyish topganida bunisi qanday "bardor-bardor"lik?! Zamona zo'rlarining dasti ham, qilichi ham nahot shu qadar uzun va o'tkirki, gadoy topmas kavakmi-kundakka buqinib yotganingda ham!.. Hokimning muddaosi ne? Xalifai Bog'doddek baytulhikma'si yo'qdirki, "Shuni boshqaring!" deya topshirib qo'ysa! G'aznida "Dini islom bayrog'i ostida buyuk bir saltanat quraman!" deya o'zicha chiranib yotgan Amir Sabuqteginning dang'illama saroyidek saroyi ham yo'qdirki, "Zudlik bilan ortingizga qaytib, mening buyuk saltanatimdan Bog'dod xalifasiga elchi bo'lib borasiz!" deya qistalang qilsa! Ismoil Somoniy yaxshi niyatlar bilan asos solgan saltanat taxtini bir amallab qo'lga kiritgan padarkush hukmdordek "Men Iskandari Soniyman" deya da'vo qilib, unga "Keling, ustoz, mening bosh maslahatchim bo'ling! Kamina - Iskandari Soniy, o'zlari - Muallimi Soniy bo'lib, shu davlatni Iskandar davlatidan bir pog'ona balandroqqa ko'taraylik!" qabilida "shohona iltifot" ko'rsatmoqchimi yo?.. O'sha nodon somoniy hukmdor, o'sha manman-kalondimog' padarkush bilmaydiki!.. Chok-chokidan so'kilgan xalifalik hududida, ayniqsa, bu Turkiston zaminida "muallimi soniy" bitta bo'lsa bittadir, yana bir "muallimi soniy" chiqsa, tuya o'rkachidek bukchaygan zimmasidagi tog'dek og'ir yukni unga bajonidil topshirib, o'zi payg'ambar yoshida uzlatga chekinib, oxirat tadoroki bilan mashg'ul bo'lar edi-ya! Nachora, "chekingga chiqsa chekchayma" deganlar, Haqning jamoliga, chekchayib emas, arslondek chaqchayib qarasang ham ko'rinmaydi-da, qani o'sha "muallimi soniy"?! Anovi Said Alimi, Hasan Kayfiymi, Nasriddinmi, Muhammad Do'stmi?.. Nachora, o'zi yakka-yolg'iz, tanho-yagona, biru bor "muallimi soniy", to'g'rirog'i, "Muhammad ibn Muhammad"! Lekin bu ulug' Turkiston - buyuk Turonzaminda... kim ko'p - "Iskandari soniy" ko'p! Avvallari ham ko'p edi. Xalifalik chok-chokidan so'kilgach, yana-da ko'paydi. G'aznaviylar sultoni - bir "Iskandari Soniy", Xorazmshoh, tabiiyki, yana biri, buyoqda - qoraxoniylar davlatining hukmdori Bug'roxon, basharti qadim turkiy tildan qadim turkiy tildagi boshqa bir so'z bilan aytilsa, "Nortuyaxon", hoynahoy "Iskandari Soniy"larning eng kattasi!.. Hali turkiy ulusning ne-ne malikushshuarolari bu "Iskandari Soniy"larning ko'rsatgan karomatlarini vasf etib dostonlar yaratsalar ajab emas! Nahot to'fon suvi bo'lmasa-da, har qalay, jala suvi yuvib turgan manovi qadimiy Shosh qal'asidan yana bir "Iskandari Soniy" chiqib kelayotgan bo'lsa?! O'zi - xon, ko'lankasi - maydon, o'zi - xon, o'zi - bek, o'zi o'ziga beklikning cheki-chegarasi bormi sira?! Bu jahon ayvonida tariqdek tirqirab, dam Yunonga, dam Chinga, dam Arabga, dam boshqa bir dasti uzun, qilichi o'tkir xalqqa yem bo'lib yotgan tariqdek tarqoq turkiy ulusni birlashtira oluvchi kuch nima? Nega bunday kuch yo'q?! Nega Hindiston - bir butun, Arabiston - bir butun, Turkiston bo'lsa, Afrosiyob-u Turk hoqonligidan avval ham parcha-parcha edi, bugun ham parcha-parcha bo'lib yotibdi?! Bu ulus parcha-parcha, bo'lak-bo'lak emas, butun bo'lishga Hind bilan Arabdan ko'proq haqli-ku,axir! SHunday bo'la turib, bu qanday parchalanish, bo'laklanish, bo'linish? Endi qay bir kuch bo'lakni butunga aylantira oladi?! "Iskandari soniy"ning o'tkir qilichimi? Yo'q, qilich nechog'li adolat qilichi bo'lmasin, baribir, aslida, zulm-zo'ravonlik, qon to'kish, bosh olish qurolidur. Binobarin, qilich bilan majburan birlashtirilgan - sun'iy ravishda bir butun holga keltirilgan saltanat ulusni emas, raiyatnigina tashkil etadi xolos. Axir, shundoqqina ko'z o'ngimizda, dini islomdek buyuk birlashtiruvchi kuch bo'lishiga qaramasdan, xalifalik qilichi ostidagi raiyat mustaqil uluslardan iborat saltanatlarni tashkil etmoqdalar-ku! Xo'sh, turkiy ulus-chi? Nima asosda qanday birlashmog'i kerak?!
Buning uchun avvalo Misr ehromlarining asosidek uch mustahkam - qalam (imlo, yozuv) birligi, til birligi, aql birligi kerak bo'ladi, albatta. SHuning uchun ham hali nasib qilsa bu muqaddas zaminda ulusni yak-qalam qila oladigan qalami o'tkir, qalami butun malikulkalomlar ko'plab yetishib chiqishlariga shak-shubha yo'q! Qadimiy Shumer davlatidan qolgan turkiy tilni ilonning tilidek ayri emas, bir butun qila oladigan o'tkir til bilimdonlari ham ko'plab yetishib chiqishlari aniq! Lekin butun turkiy ulusning tafakkur tarzini o'zida mujassamlashtira oladigan aqli butun, aqli o'tkir mutaffakir, yana bir "muallimi soniy" emas, "muallimi avval" bilan "muallimi soniy"dan keyingi - "Kenja botir" desa degudek alloma, bu qadim Turkiston zaminidan chiqarmi ekan? Chiqa olarmi ekan?! Basharti chiqqudek bo'lsa uning aqli butun boshini qanday dor kutar ekan?! Bu botir o'zini kutayotgan dorga ham tik boqib, "Mana, men sarbadorman! Assalomu aleykum, dorning og'ochi!" deya oladigan darajada qaytmas-qaysar bo'larmi ekan?! Iloyo o'sha Kenja botirning boshini toshdan qilib, uni o'z panohingda asragaysan, Xudovandi Karim!..
Hokimning huzuriga yetib kelganlarida "janobi oliylari"ning o'zlari peshvoz chiqib, Abu Nasr Muhammadni mahofadan cho'g'dek qip-qizil poyandoz ustiga tushishiga ko'maklashdi-da, zudlik bilan ichkariga boshladi. Yo'l-yo'lakay labi labiga tegmay arzi holini boshlab yubordi:
- Sizdek allomai zamonning ba'mani maslahatlariga shu tobda juda-juda muhtojman, ustoz! Ochig'i, ertaga o'tkazmoqchi bo'layotgan to'yim azaga aylanishidan qattiq havotirdaman. Beklik hududidagi xufyalar keltirgan xabarga ko'ra, ayni lahzalarda qoraxoniylar hoqoni Bug'roxon O'tror darvozasining tashqarisida o'z qo'shini bilan hujumga shay turibdi! Shaharni zabt etgach, Buxoroga, G'azniga, undan Bog'dodga qo'shin tortmoqchi emishlar! Bu shum xabarning ustiga qadrdoningiz Muhammad Do'st bir xushxabar keltirdilar-u, sizdek aqli o'tkir alllomai zamonning o'z oyoqlari bilan yurib qal'aga kirib kelgani taqdiri azalning yaxshi foli, Yaratganning inoyati bo'lib tuyuldi menga! Mavjud chigallikni yechish janoblaridek o'tkir aql sohibidan boshqa hech kim uddalayolmaydigan mushkul muammo deya o'ylab... Nahot payg'ambar yoshim bilan suyukli nabiramning sunnat to'yi... azaga aylansa, ustoz?..
Hokimning astoydil ohi-zori, garchi toshdek qattiq diydasini yumshatmasa-da, asli halimdek yumshoq, ipakdek muloyim ko'nglini yana-da yumshatdi. Unga tasalli-taskin berishga shoshildi:
- Sabr qiling, do'sti aziz! Sabr birla tadbir baayni ikki qanotdurkim, odam bolasining har qanday mushkulini oson, o'zini qushdek ozod qilgay. Sabr bo'lsa, biron tadbir topilmay qolmas!..
Oyoq ostiga qalin arabiy gilamlar to'shalgan, devorlarga cho'g'dek yal-yal tovlanuvchi qadim turkona so'zana-palaklar-u anvoyi eroniy gilamlar osilgan munaqqash mehmonxonadagi parqu ko'rpachalarga o'tirib, parqu bolishlarga suyanishgach, duoyi fotihadan so'ng Abu Nasr Muhammadning shundoqqina biqinida o'tirgan hokim atroflarini qurshagan xoskishilariga buyurdi:
- Barchangizga ruxsat! Alloma bilan yakkadam suhbatimizni hech kim buza ko'rmasin!
O'zlari holi qolishgach, Abu Nasr Muhammad, hokim uni bo'g'zidan olib pichoqsiz so'yishni boshlayajagini yaxshigina bilgani bois, avvalroq otni qamchila qolishni ma'qul ko'rdi:
- Qani, gapirsinlar, taqsir, ko'ngillarida ne bir botiniy o'ylari, qanday maxfiy rejalari, pinhoniy muddaolari bor?.. Jimjimali siporishlarni qo'yib, gapning po'stkallasi aytilsa ekan!..
Hokim Abu Nasr Muhammadning yonidan turib, noz-ne'matlarga liq to'la xontaxtani aylanib o'tdi-da, ro'parasida bolishga yonboshladi:
- Gapning po'stkallasi shuki... manovi toshdan ham qattiqroq qal'ayu muzofot, o'zlaridan qolar gap yo'q, taqsir, hamisha bu qadim Turkistonning tub-kindigi, o'zagi, markazi bo'lib kelgandur. Sizdek alloma tarix ilmidan ham, albatta, boxabarsiz, inchunin, taqsirimga aytguligi yo'q, ming yil avvalgi qudratli Qang' davlatining ham, besh asr avvalgi olamga mashhur Turk hoqonligining ham poytaxti ayni shu qal'a tevaragida, shu muzofot hududida bo'lganligi bejiz emasdur. Lekin o'zingniki o'zagingni o'yib, shimoldan - janubga, janubdan - shimolga, shaqdan - g'arbga, g'arbdan - sharqqa o'tgan-ketgan har bir sahroyi ko'chmanchi bu qal'ayu muzofotni qon qaqshatavergan. Axir biz hech qachon o'tganning - o'rog'ini, ketganning - ketmonini olib, biron-bir kelgindining arpasini xom o'rganmizmi, o'zingiz insof bilan xudoligingizni ayting, taqsir?! Aksincha, bizning niyatimiz eng xolis va beg'araz niyatdur: g'aznaviylarmi, somoniylarmi, qoraxoniylarmi - butun turkiy ulus shu o'zakka - bizning atrofimizga birlashib, Qang' davlati va yo Turk hoqonligidan qolishmaydigan yagona markazlashgan davlat qurmoqchi bo'lsalar, mayli, bosh ustiga, biz o'sha davlatni ham bajonidil boshqarishga tayyormiz. Basharti buni istamasalar, marhamat, bilganlarini qilsinlar, faqat bizni tinch qo'ysinlar. Biz o'zimizga - xon, o'zimizga - bekmiz. Afandi taklif qilganidek, xohlasinlar - u tomonini, xohlasinlar - bu tomonini olaversinlar! SHu ish shu-unchalik qiyinmi, o'zingiz ayting, taqsiri olam?!. Bu gaplarni anovi ko'chmanchi Bug'roxonga qay tilda qanday tushuntirish mumkin?!.
Abu Nasr Muhammadning tuppa-tuzuk yumshagan ko'ngli bir zumda toshdek qotdi. "O-o, nodon, nodo-on! - deb o'yladi o'zicha. - Sen bu qal'ani butun turkiy ulusninggina emas, bu yorug' olamning ham tub-kindigi deb o'ylaysan, chog'i?! U holda... Afrosiyobning Samarqandini, buxorxudlotlarning Buxorosini, Tohirning Qashqasini, Buddaning Surxonini, Zardusht boboning Xorazmini... bu jahon ayvonida sen aytgan to'rt qutbga necha bor ot o'ynatib o'tgan qadimiy ko'chmanchi eranlarimizning Shumerini... nima qilamiz?! Tag'in kunpayakun qilamizmi? Topsak qilamiz-da! Bu jahon ayvoni tugul, bu ulusning o'z sening ko'lmak hovuzga o'xshash tasavvuringga sig'maydigan darajada keng-ku, axir, nodon! Bas shunday ekan, bu keng ochun-u ulusga ochiq ko'z bilan, kenglik bilan qarasang-chi, agar Aflotuni zamon bo'lsang, agar hokimdan Aflotun chiqsa! Har kim o'z ko'mochiga kul tortib, o'z jigargo'shalarini yomonotliq qilavergani bilan chinakam o'zbek bo'ladi-qoladimi? Ne bir oqillar o'tgan bu qodir-u bahodir shahri azimning taqdiri seningdek yuragi tor bir gumrohga qoldimi hali?!." Ko'nglidan kechayotgan bunday o'ylarni payg'ambar yoshida ham tavbasiga tayanmagan manovi tengdoshi - qavmdoshiga qay tilda, qay yo'sinda aytsa bo'ladi? Haq yo'lidan ozgan bu gumrohga qanday tushuntirsa bo'ladiki!..
Kutilmaganda eshik ochilib, darozgina bir mulozim ikki buklangudek alfozda ta'zim bajo keltirdi:
- Bir qoshiq qonimdan kechgaylar, bek janoblari! O'tror darvozasidan hozirgina kelgan chopar amringizga muntazir?..
- Ne mujda bor?! - Hokim o'rnidan sapchib turib, qaddini rostladi.
- Bug'roxondan maktub keltirdim deydi, janobi oliylari.
- Ayt, kirsin!..
Hokim chopar keltirgan maktubni apil-tapil ochib, shosha-pisha ko'z yugurtirdi-da, Abu Nasr Muhammadga tikildi:
- Buyog'i qiziq bo'ldi-ku, taqsir! Men o'qiy, siz tinglang: "Menkim qoraxoniylar saltanatining hoqoni Bug'roxon janobi hokimga buyuraman: muallimi soniy Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Tarhon ibn O'zlug' al Forobiy at Turkiy huzurimga jo'natilsin, yo'qsa qal'aning kuli ko'kka sovirilur!" Nima qilamiz endi, taqsir?!.
Abu Nasr Muhammad o'rnidan yengil qo'zg'olar ekan, miyig'ida kuldi:
- Nima qilar eding, xudoga shukur qilasiz-da, do'sti aziz! Xudoning mushkulingizni osonlashtirgani shu-ku, axir! Qadimiy qal'angizga to'langan tovon kaminadek g'arib bir musofir bo'lsa, nima, yomonmi? Oddiygina mis chaqani tilla bahosida o'tkazganingizdan suyunmaysizmi, birodari aziz?..
Hokim uning kinoyasini mutlaqo tushunmay va yo o'zini tushunmaganga olib, mavqei va yoshiga yarashiqsiz tarzda yalpizlandi:
- Siz nima desangiz shuku-ya, taqsir, faqat janoblarini tuzukroq mehmon qilib ulgurolmay armonda qoldim-da! Ertangi to'yimning eng aziz mehmoni o'zingiz bo'lar edingiz, ko'rmaysizmi, kutilmagan talabgor chiqib!.. Boshqa safar bemalol - yotadigan bo'lib keling, xo'pmi, bamaylixotir bir suhbatingizni olaylik!..
Koshki bu gaplarni quloqlari eshitmasa: kar-batang bo'lsa! Koshki bu ko'zlar ko'r bo'lsa-da, ko'rmasang ham, kuymasang ham! Haligina "Butun turkiy ulusning o'zagi o'zimman!" deya da'vo qilayotgan manovi gumroh bandangni shu qadar mayda, fe'li tor qilib yaratasanmi, Xudovandi Karim?! Tag'in shu fe'li bilan butun turkiy ulusga bosh-qosh bo'larmish bu nodon!.. Anchaga cho'zilgan qo'qonmanziratlar-u soxta takalluflar-u astoydil o'tinchlar-u uzrxohliklar nihoyasida, nihoyat, Abu Nasr Muhammad o'zini tag'in qadimiy SHosh qal'asining ko'chalarida, lekin bu gal piyoda va yo soyabonli maxofada emas, bahaybat nortuyaning qo'sh o'rkachi ustiga bejirim qilib tuzalgan mo''jazgina ko'shkning ichida ko'rdi. O'rdadan chiqib, Xadradan o'tib, Sag'bon, to'g'rirog'i, Saqmonchilar ko'chasi bo'ylab ketar ekan, tag'in aqli shoshdi. "Ey sorbon, ohistaron, oromijon meravad". Qani o'sha oromijon?! Qayga shoshmoqdasan, ey nortuya? Qayga shoshmoqdasan, ey qadimiy SHosh? "Qayga shoshmoqdasan, dog'uli zamon?!" Saqmonning toshidek tag'in qayga otmoqdasan, Parvardigori Olam?! Bu qoraxoniylar saltanatining hoqoni Bug'roxon deganlari... quturgan Qoranor emasmi mabodo?!.
O'tror darvozasidan tashqaridagi sayhonlikda tikilgan bexisob o'tovlar-u chodirlar oralab borib, shohona oppoq chodir oldida tiz cho'kkan tuya hamisha, hattoki uyqusida ham sergak-qushuyqu Abu Nasr Muhammadni yana-da sergak torttirdi. Ichkariga kirib, chodir to'ridagi taxt ustida savlat to'kib o'tirgan, darhaqiqat, tuyadek bahaybat Bug'roxonga taomildagi ta'zimni bajo keltirgach, uning ko'zlariga dadil va sinovchan tikildi: qani bu "Iskandari soniy" ne karomat ko'rsatar ekan?..
- Men Iskandari soniy emasman! Muhammad alayhissalom ham emasman! O'z otim o'zim bilan - Bug'roxonman! Faqat meni tuyadek burnimdan ip o'tkazib, ko'ngli tusagan tomonga tortqilayman deganlar ovora bo'ladilar! Sen ham behudaga ovora bo'lma! Agar rostdan ham allomai zamon Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Tarxon ibn O'zlug' al Forobiy at Turkiy bo'lsang, xudoni o'rtaga qo'yib haq so'zingni ayt-chi, "Al qasosul minalhaq" deganlari to'g'rimi?! Agar to'g'ri bo'lsa, Qutaybadek yovuz bosqinchilar dini islom bayrog'ini dastak qilib, bu ulusni qon qaqshatib, sho'riga sho'rva to'kkanlari uchun o'sha bosqinchilardan ertadir-kechdir qasos olishga haqlimizmi-yo'qmi?! Faqat eshakning qulog'iga tambur chertaman va yo tuyaning bo'yniga qo'ng'iroq osaman deb xomtama bo'lma! Gapning to'q etarini ayt!..
Bu chapanilarcha to'poriroq, lekin dil qa'ridan chiqayotgan sidqidil gaplarning mag'zini o'zicha chaqib, Abu Nasr Muhammadning oltmish uch yillik, boringki, necha ming yillik dashtaki qoni gupurib ketgandek bo'ldi. Ko'pdan buyon tosh qotgan diydasi daf'atan yumshab, ko'zlarida yosh halqalandi. Ich-ichidan bir nido uyg'onib, bo'g'ziga toshdek tiqildi: "Hoh-h-qo-o-nim!" Hissiyotlaprini bazo'r jilovlab, og'ir-vazmin ovozda tilga kirdi:
- Hoqonim!.. Yuz karra, ming karra haqlisiz, hoqonim! Faqat bu bandai ojizning bir andishasi borkim, jahlu jaholat bilan bog'langan tugunlarni jag'lu jaholat bilan emas, xuddi sizdek jiddu jahd bilan, lekin minba'd qilich, hatto qalam va yo til emas, aql bilan yechilgay! Aql ojiz qolgan joydagina bandai ojizning tili o'ynoqlab, ilki qalam va yo qilich dastini tutgay. Til bilan qalamni adolat xizmatiga qo'yishning izmi-ku, bandasida, lekin qilich adolat quroli bo'lmagay, agarchi u adolat qilichi bo'lsa ham! Zotan, adolat manzili o'lim ermas, tiriklik qo'shig'ini aytmoq, yer yuzida adl turmoq, o'zingning jo'mard eranligingni barchaning ko'ziga ko'rsatmoqdir. Eranlar qidirgan adolat manzili aqldur!..
Bug'roxon shahd bilan o'rnidan turib, zarboft to'nining etagini asabiy silkidi:
- U holda menga aql ber, allomai zamon!
- Bajonidil, janobi oliylari, zotan, faqirda aqldan boshqa beraturg'on hech vaqo yo'qdur. Manim ojiz aqlim yetib borgan bir adolat manzili shulkim, zulmni zulm bilan, zo'ravonlikni zo'ravonlik bilan yengib, qonni qon bilan yuvib bo'lmag'ay. "Qonga - qon, jonga - jon" degan gap johiliyat zamonlarining aqidasidur. Qon suv bilan yuvilgay. Odam bolasining umri - oqar suv. Har qanday yomonlik alal-oqibat yaxshilik oldida yengilgay. "Yaxshilik qil-da suvga sol, baliq bilar, baliq bilmasa, Holiq bilar". "Yomonlikni yaxshilik bilan yeng", "O'ng yuzingga urganga chap yuzingni tutib ber", hatto "Otangni o'ldirganga onangni ber" deb yashaydigan bu bag'rikenglikda benazir ulus... hamisha Yaratganning panohi-yu ardog'idagi O'Z bandalaridur. Xudoga ming qatla shukurlar bo'lg'aykim, mana, ikki asrdan buyon Uning Kalomullohdek beqiyos tuhfasi ko'ngillarimizni munavvar qilmoqda!..
- Men Kalomullohga til tekkizib, Xudoga shak keltirmoqchi emasman. Lekin nechun Misr ehromlari pinak buzmay turganlari holda... ulardan ham qadimiyroq Zardusht va Budda ibodatxonalari, ko'hna ko'shk va saroylar, qasr va maqbaralar, qadimiy ulusimizning osori atiqalari kunpayakun etildi, nechun?! Nahot Zardusht bilan Budda o'sha o'taketgan qonxo'r fir'avn qadar yashashga haqli bo'lmasa?! Nahot islomdek muqaddas din zulm va zo'ravonlik, qon to'kishlarni to'xtatishning o'rniga, aksincha, ana o'sha qon to'kishlarga, inson qonining suvdek oqishiga izn berib qo'ysa?! Nahot odam bolasini mo''min-musulmonlikka da'vat etuvchi bu din ham allaqanday gazandalarning qo'lida qon to'kish quroliga aylanib qolsa?!. Bunday savollarni bugun biz bermasak, ertaga kelgusi nasllarimiz bizning go'rimizga g'isht qalay turib, o'rtaga ko'ndalang qo'yadilarmi-yo'qmi?! Zardusht, Budda, Afrosiyob, Shiroq, Tomiriz, boshqa ne-ne ulug'larimizdan qolgan bu el-yurtni g'orat, ulusni xor-abgor qilib, ustiga ustak "Boshi qotgan sort, sort!" deya kalakalash, uni qog'oz-qalami, yozuvi, til-zabonidan judo etish huquqini ularga, o'zing ayt qani, kim berdi?!.
Abu Nasr Muhammadning uch yuz oltmish tomirlari tebranib, to'rt yuz qirq to'rt so'ngaklari sarjindek lovillab yondi go'yo:
- Ohh, hoqonim, hoqonim! Siz meni ellik yildan buyon qiynab, qalamimni - nochor, tilimni - lol, aqlimni - o'tmas qilib kelayotgan eng mudhish savollarni, nihoyat, tilga ko'chirdingiz! To'g'ri, bunday huquqni hech kim hech kimga hech qachon bermagan! Lekin jahlu jaholatga ham erk bermay jiddiyroq o'ylab qarasangiz, bu turkiy ulusning uyini kuydirib, qalamini sindirib, tilini sug'urib olishdek jaholatni qilich emas, faqirning jannatmakon ustozlari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Ahmad Marvaziy, Abbos Javhariylarning o'tkir va uchqur aqli yengmadimi?! Agar bu ulug'larimiz Bog'dodi Latifga, Makkai Mukarrama bilan Madinai Munavvaraga aql mash'alini ko'tarib emas, qilich yalang'ochlab borganlarida, o'zingiz haqligingizni ayting, nima bo'lar edi?!
Bug'roxon taxtiga qayta yastanar ekan, Abu Nasr Muhammadga ko'zlari o'tdek chaqnab tikildi:
- Avval sen mening achchiq bo'lsa-da, haqqoniy savolimga javob ber, ay, allomai zamon: xo'sh, o'sha ustozlaring nima karomat ko'rsatishdi? Zulm va haqsizlikni tag-tugi bilan quritib, qon to'kishlarni to'xtatishdimi? Odam bolasini insofga - eng buyuk adolat manziliga keltirishdimi? Bibi Tomirizdek qonxo'r bosqinchining boshini qon to'la meshga tiqib "Mana, endi murodingga yetgandirsan, to'yguningcha qon yutib-qon qus!" deya jigar qonini muqaddas qasos daryosida yuvdimi?!. Javobini ham o'zim ayta qolay: yo'q, o'sha ustozlaring, aslini olganda, bosqinchilarning qo'llarida qo'g'irchoq bo'lib, ularning tegirmonlariga suv quyib yashadilar. Shu ulusning ichidan chiqib, boshiga bitgan balo bo'ldilar! Sen ham o'shalarning shogirdisan-da! Hozir-ku, xudoga shukur, halifalikning dasti qisqarib, bu ulus o'zini o'zi mustaqil boshqarish yo'lini tutdi. Lekin endi kechagi noyib to'ralar - xalifalikning ishonchli vakillari emas, aynan ustozlaring-u senga o'xshash o'zingdan chiqqan balolar, o'z ulusining non-tuzini unutgan ko'rnamaklar hali-xanuz halifalikning ko'z-qulog'i bo'lib, bosqinchilarning tegirmoniga suv quyib. "sen je-men je" deb yurgan davrlaringni qo'msaysanlar! O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas va bukrini qabr to'g'rilar! Sen ham halifalik parchalanganiga ko'ngli o'rtanayotgan bukrilardan birisan-da!..
Shu topda Abu Nasr Muhammadning ko'ngli, darhaqiqat, o'rtandi. Lekin xalifalikning parchalanganidan emas, ustozlari-yu o'zining nohaq yomonotliq qilinayotgani, o'zi eshitayotgan noo'rin malomatlardan o'rtandi. Bo'g'ilgudek bo'lib uqtirdi:
- Oh-h, hoqonim, hoqonim! Bu qadar aqli kaltalik sizdek haqsuyar va elsuyar hukmdorga yarashmag'ay! Umrini aysh-ishratlarda emas, ulusning ro'shnoligi yo'lida riyozat chekib o'tkazgan ulamo-yu fuzaloning bosqinchilar qo'lidagi qo'g'irchoqlar, sotqinlar, o'zingdan chiqqan balolar bilan bir qatorga qo'yish... o'taketgan nohaqlik va alarga nisbatan noinsoflikdur! Zero ilm-u adab ahli hamisha, har qanday vaziyatda ulusning boshiga bitgan balo emas, aksincha, unga balogardon bo'lib kelgandur. Bosqinchining qilich-qalqoniga o'z qilich-qalqonini, hatto qog'oz-qalamiga o'z qog'oz-qalami-yu til-zaboniga o'z til-zabonini qarshi qo'yolmagan ulus ham balki yashashga haqlidur, lekin uning aqliga o'z aqlini qarshi qo'yolmay, hech bir tadbir-amalsiz nochor-noiloj qolgan ulus ertadur-kechdur muqarrar o'limga mahkumdur. O'lim haq, hazratim, lekin ulusning o'limi ermas, bandasining o'limi haqdur! Ulusni o'ldirish esa, bu olamdagi eng ashaddiy nohaqlikkim, faqirning jannatmakon ustozlari avvalo ana o'sha nohaqlikka qarshi o'z aqllarini amalda peshkash, o'zlug'larini balogardon qildilar. Endi bu fidoyilarcha beminnat xizmatlarga javoban tuhmat toshini otish... o'lganning ustiga chiqib tepish bilan barobardur. Kamina-ku, o'lmay turib tuproq bo'lganman - agarki ustimdan butun olam bosib o'tsa-da pinak buzmasman, biroq... ikki asrdan buyon bu ulusga Masihodek qayta jon bag'ishlab turgan ulug' ustozlarimizga malomat qilib, dardi ichida ketgan bu fidoyi zotlarning ruhlarini chirqirata ko'rmang! Qay shaklda va qay tilda bo'lmog'idan qat'iy nazar, bu olamda igna bilan quduq qazib, aql bovar qilmas riyozatlar chekib to'plangan ilm xazinasidan ortiqroq xazina yo'qdur. Ustozlarimning Payg'ambari Akram tilida to'plagan boyliklari esa, inchunin. Bu xazinalarni Qur'oni Karimdek muqaddas bilib, ko'zlarga surmai surayyo qilib, "Mana, mening o'tkir aqlim!" deya alar bila iftixor etmoq butun ulusning, ayniqsa sizdek elsuyar hukmdorning muqaddas burchidur. O'z aqlini yeb qo'ygan va o'zi bo'lolmagan gumroh bandalargina ulusni o'z qonidan va o'zini ulusdan o'tkargan ulug'larni yomonotliq qilg'ay! Aftidan, aqli o'tkir zotlarni ko'rolmaydigan allaqanday kaltabinlar sizni Haq yo'lidin ozdirishga chog'langan ko'rinadur. Aks holda siz yov qochganda ko'payaturg'on soxta botirlardan biri bo'lib, bosqinchi qutaybalarning allaqachon singan qilichiga qarshi qilich yalang'ochlab, yo'q xalifalikning yo'q poytaxtiga qo'shin tortishdek bema'ni ishdan o'zingizni tiygan bo'lur edingiz! - Abu Nasr Muhammad shunday deyishga dedi-yu daf'atan xushyor tortdi. Achchiq ustida tiliga ortiqcha erk berib yuborganidan afsuslandi. "Til yugurigi - boshga" deganlar. Bug'roxon ham hamisha o'zini farishtadek begunoh sanab, o'zgalarni aybdor qilishga suyagi yo'q hukmdorlardan biri-ku, axir! Hukmdorning nafsoniyatiga tegish arslonning qitiq patiga tegish bilan barobar emasmi?.. Fikrini andavalab tekislashga tutindi: - Nima bo'lganda ham, odamni odamga hukmdorni hukmdorga, ulusni ulusga zimdan gij-gijlab, ularni bir-birlariga qayrab solib, tomoshalarini ko'rish va hatto ikki o'rtada odil hakamlik qilishga chog'lanish... Shaytoni lainga o'rtoq tutingan g'alamis va aqli kalta qorabotirlarning amalidur. Bunday makkorona amallarga bo'y bermaslik hukmdorning aqli o'tkirligidan dalolatdur! - Abu Nasr Muhammad tag'in jim qoldi. Qosh qo'yaman deb ko'z chiqarmadimi mabodo? "Kim o'sha odil hakam, kim Qorabotir, kim Shaytoni lain?.. Bundan chiqdi, men tuyadek burnimdan ip o'tkazishlariga bo'y beribman-da seningcha?!." deya kutilmaganda chovut solib qolmaydimi mabodo?.. Bu baxtmi yo baxtsizlik, har qalay, ro'parasida o'tirgan tuyadek bahaybat odam ham, aftidan, barcha taxt sohiblari kabi, mantiqlimi yo mantiqsiz hukm chiqarishga zo'r, lekin fikrni fikrga chog'ishtirib, mantiqiy xulosa chiqarishga uquvi yo'qroqmi, yo sababi boshqa yoqdami, ishqilib, Bug'roxon uning gaplaridan emas, aksincha, jim qolganidan betoqatlandi:
- So'zla, ay, allomai zamon, so'zlayver! Ochig'ini aytsam, sening har bir so'zing nortuyaning qichigan joyini qashiyotgandek butun jismi-jonimda allanechuk huzur-halovat tuymoqdaman. Kaminadan zig'ircha hayiqmay, hech nimadan tap tortmay, ko'nglingda nimaiki bor - tilingga chiqaraver, toki ishlatilmay xayf ketayotgan miyalarning tarxi ochilsin!
Bu shohona iltifotmi-bag'rikenglarcha rag'bat ilohiy payg'omdek ta'sir qilib, yangi nafas, yangi ilhom baxsh etdi go'yo.
- Hoqonim! - ehtiros bilan yonib-o'rtanib xitob qildi Abu Nasr Muhammad. - Sizdek achchiq va o'tkir Haq So'z qadriga yetguvchi hukmdorning nozik ko'ngliga o'tirishadigan bir so'z deb turgan bo'lsam, demak, Arabistonda kechgan qirq yillik umrim zoe ketmabdi. O'sha avval-boshda aytgan bir so'zimga qaytib, takror aytaman, hoqonim: Bog'dodi Latifga, Makkai Mukarrama bilan Madinai Munavvaraga dushman emas, do'st sifatida - Muhammadyoru Muhammaddo'st bo'lib borish, qilich emas, qalam, til va aql bilan borish ma'qulroqdur!
Bug'roxonning ko'zlarida tag'in istehzo uchqunlari chaqnadi:
- Qay til bila, allomai zamon?! Qisilib-qimtinib, tilimlanib-tilimlanib, ustiga tuz sepilib, sho'r baliqdek obdan qoqlanib-quruqshagan hozirgi turkiy til bilami?!.
- Kinoyangizda jon bor, albatta. Kamina ham o'zimning qirq yil mobaynida qalam tebratib, aql ishlatib chekkan beadad zahmat-mashaqqatlarim mahsullarini arab tilida emas, turkiy tilda bitsam bo'lmasmi edi, deya ko'p afsus-nadomatlar chekurman. Bilmadim, kelgusi avlodlar manim bu afsus-nadomatlarim, bu pushaymonlarimni to'g'ri tushunib, ma'zur tutgaylarmi-yo'qmi? Nachora, ayniqsa keyingi ikki asr mobaynidagi taomilga ko'ra, arabiy - ilm-fan tili, forsiy - she'riyat tili, turkiy - harb-zarb tili sifatida qaror topdi. SHu bois ona tilimiz ko'rpa-to'shak, uy-joy, nari borsa - qilich-qalqon atrofida aylanib qoldi. Bunga aksariyat hollarda arab bilan fors emas, biz o'zimiz aybdormiz. Olimlarimizning ming mashaqqatlar bilan qadimiy lotin, sanskrit va boshqa tillardan arab tiliga tarjima qilingan ilm xazinalarini yana-da ko'proq riyozat chekib turkiy tilga ham o'girishga aqli bovar qilmay, tayyorga ayyor bo'lib qolayotganlari sabab bunga! Basharti manim ustozlarimni yomonotliq qilishga sarflangan kuch shu ishga sarflangudek bo'lsa, eh-he, naq Qoratovni qayirib tashlash mumkin edi. Modomiki bugun kechagi halifalik hududida mustaqil davlatlar qad rostlayotgan ekanlar, turkiy tilmizni she'riyat va ilm-fan tili, hattoki davlat tiliga aylantirishning inon-ixtiyori ham, alhamduliloh, o'zimizdadur. SHu kecha-kunduzda bu ko'pni ko'rgan ulusni yakqalam, yaktil va yakdil qilishdan ham ulug'roq ish yo'q, mening nazarimda. Zero, qat'iy aminmankim, ulusning kelgusi taqdiri avvalo mana shu savob ishga bog'liqdur!
O'tkir qalam, til va aql sohiblari ulusning uli, asos-poydevori, o'zagi , o'zligidur. Ulus ul bilan tirikdur!..
Bug'roxon o'z taxtida yana qad rostlab o'tirdi. Qomatini kerib, rapidami-tuyaning tovonidek qo'llarini taxtning suyanchig'iga qattiq tiradi:
- Ayni so'zlaring bilan mening shu kecha-kunduzdagi Bog'dod xalifasining lashkarini yengishi muqarrar bo'lgan qo'shinimni tor-mor keltirding, allomai zamon! Ochig'ini aytsam, Shosh qal'asini zabt etib, somoniylar va g'aznaviylar davlatini egallab, Bog'dodga qo'shin tortish fikridan butkul voz kechdim-da, sen aytgan yo'ldan yurishga ahd qildim. Ko'nglingda nimaiki istaging, tilaging, o'tinching, taklifing, hattoki talabing bo'lsa, ro'y-rost ayt! Mening ham ko'nglimda shu ulusning jahon ayvonida tezroq qaddini rostlab, ro'shnolik ko'rishidan ulug'roq tilagim yo'q, axir, allomai zamon!
Abu Nasr Muhammadning yuragi to'liqdi.
- Hoqonim! - xitob qildi qattiq hayajonlanib. - Siz Iskandari soniy bo'lmaganingizdek, kamina ham TSitserondek notiq emasman. Lekin ulusning ro'shnoligi xususida so'z ketar ekan, shu topda TSitseronni yarim yo'lda qoldirib ketishga o'zimda majburiyat sezmoqdaman. Zero bu ulusning yelkasi - oftob, boshi - baxt qushi, o'zi - ro'shnolik ko'rishga, ayniqsa, hozir har jihatdan muhtoj ham bunga loyiqdur! Sizdan baxt so'rab turgan ulusga baxt bermoqchi bo'lsangiz, men so'zlay siz tinglang!
Ko'nglimdagi eng birlamchi o'tinchim shulki, agar uddasidan chiqsangiz, hech qachon azizni xor qilmagaysiz! Ana o'shanda Allohi Bokaram sizni ham aziz-mukarram qilg'ay! Buxoroyi sharifda Ismoil Somoniy hazratlariga "Dunyo turguncha turg'ay" deya tiklangan ajib bir maqbarani ko'rib lol qoldim. Lekin bunday maqbaralarni bunyod etish qiyin ish emas. Iskandari soniy va yo yana bir No'shiravoni odil bo'lish ham qiyin emas! Bilasiz, shu paytga qadar hukmdorlarning avliyosi yo'qdur. Siz bu ulus tarixidagi birinchi avliyo hukmdor bo'lingkim, toki kelgusi avlodlar sizni "Bug'roxon" va yo "Qoraxon" deb emas, "Avliyo ota" deya tilga olsinlar!
- Buning uchun, sizningcha, nima qilmog'im kerak?
- Tag'in takrorlayman: buning uchun avvalo azizni xor qilmasligingiz kerak! Haq Taolo aziz-mukarram qilib yaratgan odam bolasini, ayniqsa, Muhammadi Mustafodek komil insonlik arshiga ko'tarilishga astoydil intilib yashayotgan zahmatkash aziz-avliyolarni, nazarkarda insonlarni, faqiru haqirlarni xor-zor qila ko'rmang! Madadga zorlarga madad qo'lini cho'zmasangiz ham, aqalli ularni toptab-tahqirlashdan o'zingizni tiying! Yo'qsullarni boylarning zulmiga topshirib qo'ymang! Unutmangkim, saltanatning ulug'ligi avvalo unda sadaqa so'rab turgan gadoyning bor-yo'qligi, ko'p-ozligi bilan belgilanur. Va yana unutmangkim, ulus davlatning xizmatida emas, balki aksincha, davlat ulusning xizmatida bo'lib, uni tashkil etuvchi har bir insonni, ayniqsa, ulusning dardini o'z dardi deb bilgan aziz insonni o'z hifzi-himoyasiga olmog'i kerakdur!
Hoqonim! Haq Taolo nazar qilgan zahmatkash va kuyunchak bandalarning eng birlamchisi, eng faqiru haqirlari qalam ahli bo'lur. Xudo ham "Sendan - harakat, mendan - barakot" degan, agar siz homiy hukmdor sifatida harakat qilsangiz, Alloh Taoloning barakoti bilan bu aziz-muqaddas tuproqda, anovi Bolosog'un, Yassi, Yugnak, O'tror, Saryom, Hirotu Balx, manovi Shosh, boshqa qal'a, kent va shaharlarimizda, hattoki bexisob qishloqlarimizda shunday shoiru nosirlar yetishib chiqqayki, ular turkiy so'z ko'rki va turkiy ulusning qaddi-kamolini jahonga ko'z-ko'z etgaylar!
Lekin shunday bir oddiygina haqiqatni unutmangkim, ulus aytur: "Gadoning dushmani gado bo'lur". Inchunin, qalamkashning dushmani ham qalamkashdur. Siz Muhammad YOrlar bilan Muhammad Do'stlarni Muhammadning dushmanlariga yem qilib, qo'yning taqdirini bo'riga topshirib qo'ymangiz. Aksincha, qilichdan o'tkirroq qalamda qilichdan o'tkirroq so'zni bitayotgan yaxshi so'zning gadolariga o'zingiz panoh, homiy, bosh-qosh bo'lingiz. Ana o'shanda xudo yorlaqab peshonasi yarqiragan gadolar malikulkalom bo'lg'aylar. Bu gadolarning dushmani bo'lmish manglayi qaro gadolar esa, toshlarini tergaylar. Xudo bergan non-nasibalarini o'zga ko'chalardan qidirib, nazarkarda zotlarning atroflarida pashshaxo'rda bo'lavermay, ularni tinchiga qo'ygaylar. Ogohlantirish burchim: bu o'ta mushkul ish, hoqonim! Oddiygina misni sof oltindan farqlashga nisbatan ming karra mushkulroq ish! Ayni shu ishning uhdasidan chiqsangiz - Alloh Taolo aziz qilgan avliyo zotlarni alarga boqqan balolardan asrab-avaylay olsangiz, ana o'shanda o'zingiz ham chinakam Avliyo ota bo'lishingiz muqarrardur. Ko'nglimdagi chin so'zimni ro'y-rost aytishimni talab qildingiz. Eng botiniy o'tinchim, iltijoyu tavallomni ham ochiq aytay: faqat Avliyo otaning ho'kizidek boshini yorib - ko'zini chiqarishdan saqlaning!
Agar qalam o'z egasiga topshirilsa, inshoolloh, til ham ravon bo'lg'ay! Hali bu yurtdan shunday til bil bilimdonlari yetishib chiqajaklarki, ular jahon tilshunoslik fanining sarchashmalarida qad rostlab, nainki turkiy, hatto arabiy va forsiy tilning qudratini ham jahonga ko'z-ko'z etib turgaylar. Afsuski, turkiy ulusning tilidek mo''jizani anglab yetishga kaminaning aqli ojizga o'xshaydi. Ko'p tillarni o'rganib, o'z ona tilimning benazir ko'rki-tarovatini yetarlicha idrok etolmaganim buning dalolatidur. Aftidan, ona tilimiz tugunini yechish har jihatdan oqilroq uchinchi muallimlar zimmasida bo'lsa kerak. Agar turkiy tilimizning jamiki tugunlari, chigalliklari-yu, jumboqlari yechilsa bormi, uning har qanday aqllarni ham hayratda qoldirgulik beqiyos qudratini ana o'shanda ko'rasiz! "Kelinni kelganda ko'r, sepini yoyganda ko'r". Bu shunday epli-sepli kelinki, jahonning ne-ne xazinalari uning oldida ip esholmay qoladi.
Hoqonim! Singan qalam qayta o'tkirlanur. Tugilgan til qayta yozilur. Lekin Olloh Taolo odam bolasiga beminnat baxshida etgan mo''jizalar mo''jizasi - olmosdek serqirra Aql o'tmaslashsa, uni qayta o'tkirlash... o'ta-o'ta mushkul ish, hoqonim! SHuning uchun ham bashariyat tarixida qalamkash ko'pdur, tilshunos ko'pdur, lekin aqli o'tkir mutafakkirlar, afsuski, hamisha juda-juda kamchilik bo'lgandur va har bir bosqinchi hamisha qaram ulusning avvalo ana o'sha aqli o'tkir mutafakkirini mahv etgandur. Chunki har qanday ulus avvalo tayinli, asosli, maza-matrasiyu tuturug'i bor - mantiqli fikr bilan tirikdur. Mantiqli fikri yo'q ulus ulus emas, hatto raiyat ham emas, shunchaki olomondur, hoqonim! Nainki butun boshli ulus, musichadek beozor qushlarning ham o'z mantig'i bor va, ehtimolki, ulardagi mantiq kuchi odam bolasining mantiq kuchidan o'tkirroqdur. So'z san'atining gultoji hikmatli bayt bilan doston, so'zsiz san'atlarning gultoji - musiqa bilan me'morlik, ilmiy tafakkurning gultoji - falsafa bilan mantiqdur. Iloho shu gultojlar ulusning ham, sizning ham boshingizda toj bo'lg'ay!
Onhazrat! Dilimda Bog'dod xalifalariga tish yorib aytmagan, aytolmagan va, ko'pincha, aytishni istamagan so'zlarim, ochig'i, bexisobdur. Bu so'zlarni kamina naq yarim asr mobaynida muttasil yig'ib-terib, dam sanskrit, dam lotin, dam arab, dam boshqa bir tildan olib, yuvib-tarab, saralab-saylab, dil gavhariyu aql javhariga aylantirish uchun muttasil intilib yashadim. Ularni arab tilidagi risola-yu sharhlarimga ko'ngildagidek sig'dirolmadim. Endi xudo umr bersa, payg'ambar yoshida bir uzlatga chekinsam-da, ellik yil jamlagan fikrimning qaymog'ini ona tilimda sidirib, "Alpomish" bilan "Go'ro'g'li" dek bir dostonga to'kib solsam!.. Nachora, dard bor-u darmon yo'q. O'zimni battar darmonsizlantirganim kamdek, endi sizning ham sillangizni quritmaganim ma'quldir degan andishada so'zimni muxtasar qilmoqchiman. Har qalay, zulm-zo'rovonlik qilichini sindirib, ulusni markazlashgan davlatdagi bir butun xalq - chinakam ulusga aylantirishga qodir uch o'tkir qurol - qalam, til va aqlni ishlatish yo'llari xususidagi o'z xulosalarimni aniq-tiniq yoritishga urindim. Bandai ojizning aqli yetib borgan shu Haq So'zlar ro'yobga chiqsa, inshoolloh, kamina orzu qilgan Komil Insonlar yashovchi Fozil Shaharlardan iborat Yetuk Ulus bu ro'yi zaminda mustahkam qaror topg'ay va hamisha barqaror bo'lg'ay!
Eh-h, hoqonim-hoqonim! Faqirning orzulari nechog'li poyonsiz ekanini bilsangiz edi! Eng ulkan orzuim, umidim, istagim, tilagim, ishonchim shulkim, qachonlardir bu muqaddas zaminda shunday bir jamiyat barpo etilajakki, unda odam bolasi odam bolasini, millat millatni, ulus ulusni nafaqat toptab-tahqirlab, xo'r va xor, zor-u abgor ahvolga solmagay, hatto zig'ircha kamsitib, inja ko'ngillarga tariqcha ham ozor yetkazmag'ay! Bu jamiyatda, bu ulusda, bu fozil shahar ahlida dilozorlik degan balo yo'qolib butkul qurib bitgay. Nainki o'zidek bir odam bolasining ko'nglida malollik paydo qilish, hattoki chumolidek zahmatkash va beozor jonivorlarga ham ozor berilmag'ay. Ana o'shanda odam bolasi, muqarrarki, o'zining tirikligidan bezor emas, chinakamiga beozor va baxtiyor bo'lg'ay!.. Xullas, bu rubi maskunda jaholat, razolat, qabohat, zalolat, nafrat, malomat singari shaytoniy illatlar emas, muhabbat, hayrat, diyonat, sahovat, muruvvat, shafqat, adolat, oriyat, futuvvat... qo'ying-chi, jamiki insoniy fazilatlarni ulug'lab boshiga ko'taruvchi komil insonlardan iborat YETUK INSONIYAT qachonlardir nash'u namo topg'ay! Bizning ulusimiz esa, bir-biridan otasining xunini so'rab turgan xundorlar-u xunlar, kimdandir alam, o'ch, qasos olishga qattiq qasdlangan qasd saqlar, o'zgalarni ranjitishdan zavqlanadigan ko'ngli qattiq - xudobexabar dilozorlar, biri birining kushandalari bo'lmish padarkushlaru xunrezlar, "O'zim! O'zim! O'zim!" deya nafas olib-nafas chiqaruvchi xudbinlar va baloyi nafs bandalaridan tashkil topgan olomon emas, "Elim, yurtim, xalqim!" deya yonib-lovullab, kuyib-kuyinib yashaydigan fidoyi zotlarning har jihatdan yetuk jamiyatini barpo etgay. Bu jamiyat va bu muqaddas tuproq o'zaro janjal-nizolar, toj-taxt talashlari, urush-qirg'inlar o'chog'i emas, uluslararo bitimlar, umumbashariy sulhlar, do'stona muzokaralar, abadiy qardoshlik ahdnomalari imzolanadigan tinchlik-barqarorlik, ahillik-totuvlik, baxt-saodat va ro'shnolik-farovonlikning abadiy gulshani bo'lg'ay! Bu bo'ston sahnida baxti kulgan yetuk naslimiz siz-u bizdek ajdodlarini alam bilan emas, mamnuniyat, mehr-muhabbat va faxr-iftixor tuyg'ulari ila yodga olgaylar! Ovmin, ollohi akbar!
Bug'roxon Abu Nasr Muhammadning irodasiga bo'ysunib - unga qo'shilib yuziga fotiha tortgach, o'rnidan turib kelib, allomaning yelkasidan quchdi:
- Bu sidqidil tilaklaring, istaklaring, orzularing, bu samimiy dil so'zlaring menga juda ma'qul! Ularni har birimiz quloqlarimizga qo'rg'oshindek quyib, oltin isirg'adek taqib olsak arziydi. Bu yaxshi niyatlarga, nasib qilsa, birga-birga yeturmiz! Biz yetolmasak, kelgusi nasllarimiz yetarlar! SHu topda ko'nglim suv ichgandek ravshan tortib turibdi. Yaxshining sharofati deganlaridek, bu sening sharofating, allomai zamon. Xo'sh, o'zingning qanday shaxsiy tilaging bor? Ota yurtga qadam ranjida qilishdan muddaoing ne? Bu xususda ham biron nima desang-chi, ey fidoyi zot?!
Abu Nasr Muhammad o'zini Bug'roxonning keng-yalangto'sh bag'rida erib, suv bo'lib oqqudek sezdi.
- Xudo haqqi, shu topda ko'nglimdagi eng shaxsiy orzuim, niyatim, muddaoimga to'la erishgandekman. Faqirning tag'in ne muddaoyi bo'lsin!..
- Yo'q, sen qisinib-tortinma! Tila tilagingni! Xudoga shukur, shu topda dastim Bog'dod xalifasining dastidan uzunroqdur, men senga aytsam!..
- So'nggi tilagim shuki, ertaga manovi O'tror darvozasining oldida bir bayram uyushtirilsa. Shosh qal'asining hokimi boshliq butun shahar ahli bu bayramga taklif etilsa. Hokimning payg'ambar yoshi bilan nevarasining sunnat to'yi bayramga qo'shilib ketsa. Kuzning birinchi kunidagi bu bayram "Mehrjon" deb atalsa-da, xuddi Navro'zdek umumxalq bayramiga aylanib qolsa!.. Ana o'shanda shoyadki bu ulusda o'zaro kek-adovat emas, mehr-saxovat, mehr-muruvvat, mehr-oqibat, mehr-shafqat hamisha ustivor bo'lib qolsa! Axir, Alloh Mehribon va Rahmdildur, pushtipanoh!..
- Bale, allomai zamon! Xuddi sening aytganingdek bo'lur!.. Tag'in ne tilaging bor? Ulusga ermas, o'z-o'zingga bog'liq tilagingni ayt! Shu topda himmatim qo'zib, saxiyligim tutib turibdi!..
- O'z-o'zimga bog'liq tilagim?.. Janobi oliylari! Kamina keyingi qirq uch yil mobaynida uch o'g'ilga ota bo'lmishman. Yigirma yoshimda ko'rgan to'ng'ichimni "Nasriddin" deb atadim. Umri qisqa ekan - turmadi. O'ttiz ikki yoshimda ko'rgan o'rtanchamni ham "Nasriddin"deb atadim - o'taketgan qaysarligim Yaratganga xush kelmadimi, qaydam, bu o'g'lim ham ko'p o'tmay Uning dargohiga bordi. Qirq to'rt yoshimda uchinchi o'g'limga ota bo'ldim. "Xayr uchgacha deganlar, endi shu o'g'lim, nasib qilsa, dunyo turguncha turgay" degan tilak bilan tag'in "Nasriddin" otini qo'ydim. Xudoga shukr, u o'n to'qqiz yoshga to'lib, yigirmaga kirdi. SHu o'g'limdan umidim katta, hoqonim! Shoyadki, ot aylanib qozig'ini topsa-da, o'g'lim ota makonda tup qo'yib-palak yozsa! Uzzukun Xudodan yolborib so'raydigan eng shaxsiy tilagim shu!
- Inshoolloh, tilaging ijobat bo'lg'ay, allomai zamon! Nasib qilsa, shu o'g'lingni o'zimiz kuyov tutgaymiz-da, o'g'ildan ortiqroq siylagaymiz. Kuyovni payg'ambarimiz siylaganida biz ummatlari ham siylasak, o'ylaymanki, bu ishimiz Yaratganga xush kelgay! Nima deding?
- Qulluq, hoqonim! Ayniqsa, shu aql bovar qilmas iltifotlaridan, xudo haqqi, boshim osmonga yetdi! Iloyo gaplaringizga farishtalar ovmin degaylar. Agar jindekkina aqli-yu yolg'iz o'g'lidan boshqa hech vaqosi yo'q bu faqirni o'zlariga munosib quda deb bilsalar.
- Bu yog'ining tashvishini qilma, allomai zamon! Zar qadrini zargar bilur: zarni mis degan bilan u misga aylanib qolmas! Axir, azizni xor qilmay, munosib qadrlash, shu yo'lda yurib, "Avliyo ota" bo'lishga da'vat yetgan o'zing emasmisan?.. Tag'in ne tilaging bor, allomai zamon?
- Tamom-vassalom, boshqa hech bir tilagim yo'qdir. Faqat tilagim - biror oy o'g'lim-u shogirdim bilan ota yurtni ziyorat qilsamda, keyin Bog'dodga qaytsam.
- Bog'dodga qaytsam?!. Anglamadim?!.
- Hoqonim! Arabistonda qirq yil ilm izlamoqdin muddaoyim aql poygasida o'zib chiqish va yo topgan-tutganimni o'sha yoqlarda qoldirib ketish emas, yorug' kunlardan birida ularni ota yurtga olib kelish edi. Shoyadki kaminaning topgan-tutgan ilm xazinasi ulusning biron koriga yarab, yirtig'iga - yamoq, gazagiga - dori bo'lsa!..
- Bale, allomai zamon! Bu so'zing bila mening ojiz aqlimni yana bir karra qattiq charxlagandek bo'lding!.. Qani, endi chodirda buqinib o'tiravermay tashqariga chiqaylik-da, bepoyon dashtimiz havosidan to'yib-to'yib nafas olaylik! Nima deding? Dunyo foniy, biroq kengga-keng!..
- Bajonidil, hoqonim, bajonidil! Qani, o'zlari yo'l boshlasinlar!..
Tashqariga chiqib, qo'ltiqlashgancha birga-birga odimlar ekanlar, Abu Nasr Muhammad yulduzlar charaqlab turgan Ota Turkiston sarhadlaridan ham kengroq bepoyon osmonga - osmon to'la yulduzlarga, ular orasidagi eng yorug' yulduzlar - Oltin Qoziq va Cho'lponga ko'z tikib, yana bir karra yuragi to'liqib xitob qildi:
- Osmon suvga yuvilgan shishadek!.. Ertamiz charog'on bo'ladi, hoqonim!
Bug'roxon Abu Nasr Muhammadning so'nggi so'ziga "arzimas" bir tuzatish kiritdi:
- Yo'q, ertamiz emas, bugunimiz, do'sti aziz! Axir, ana, Tong yulduzi!..
Asar 2006 yil "Zamona zayli" deb nomlangan kitobda nashr qilingan. Bu kitob Toshkent shahridagi "Sharq ziyokori" do'konida sotilmoqda. Kitob narxi: 4300 so'm. Mazkur do'kon telefon raqami: 233-35-90.